O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘ldi. Sana munosabati bilan Jazoirning Toshkentdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nosir Busherit “Jahon” axborot agentligiga intervyu berdi.
“Jazoir O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan, 1993-yil dekabr oyida esa Toshkentda o‘z elchixonasini ochgan. Ushbu voqealarning tezkorlik bilan amalga oshirilganligi Jazoirning O‘zbekiston bilan o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga bo‘lgan intilishining yaqqol namoyishidir.
Ikkala davlat tashqi siyosiy mahkamalari o‘rtasida 2016-yil oktabr oyida imzolangan Hamkorlik va siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi bayonnoma o‘zaro aloqalarda yangi sahifa bo‘ldi. Mazkur hujjatda belgilangan me’yorlarning amalga oshirilishi, shubhasiz, iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida o‘zaro foydali hamkorlikni kengaytirishning ulkan istiqbollarini ochadi.
Jazoir Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini katta qiziqish va e’tibor bilan kuzatmoqda. Biz O‘zbekiston bilan turli sohalarda hamkorlikni faollashtirish va ikki tomonlama hamkorligimizga yangi kuch bag‘ishlashga tayyor ekanimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.
Davlatlarimiz jug‘rofiy jihatdan turli qit’alarda joylashganligi ma’lum qiyinchiliklar tug‘dirishiga qaramay, Jazoir va O‘zbekiston hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega hamda bundan albatta foydalanish lozim.
Xususan, Jazoir O‘zbekistonga 40 million aholiga ega ulkan bozor hamda jug‘rofiy omillarni hisobga olgan holda, birgalikda mamlakatlarimiz tovarlarini Afrika va Yevropa bozorlariga chiqarish bo‘yicha dastur ishlab chiqishni taklif etishi mumkin”.
Izoh (0)