Amerikalik siyosatshunos va davlat arbobi Zbignev Bjezinskiy 89 yoshida vafot etdi. Bu haqda New York Times ma’lum qildi, deya xabar beradi “Gazeta.uz”.
Zbignev Bjezinskiy polshalik diplomat oilasida tug‘ilgan, o‘tgan asrning 50-yillarida AQSh fuqaroligini olgandi. U siyosat sohasidagi faoliyati bilan obro‘ qozondi: tadqiqotlari va tahliliy maqolalari nafaqat mutaxassislar, balki davlat arboblari qiziqishiga ham sabab bo‘lgandi.
Tadqiqotlarining katta qismini AQSh tashqi siyosati va sobiq Ittifoq tuzumi tahliliga bag‘ishladi. 1977—1981-yillarda AQSh prezidenti Jimmi Karterning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishladi.
Umrining oxirgi yillarida dars va maslahatlar berish bilan shug‘ullandi. Qator jamoat tashkilotlarini boshqardi, bir necha fond va kompaniyalar rahbariyatiga kirdi, televideniyeda siyosiy dasturlarni olib bordi.
Vashingtondagi strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi eksperti, nufuzli “Bilderberg klubi” doimiy a’zosi edi.
— 2003-yil noyabrida u O‘zbekistonga kelgandi. O‘shanda Birinchi Prezident Islom Karimov bilan uchrashgan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ma’ruza qilgandi. O‘zining “Buyuk shaxmat o‘yini” nomli kitobida O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragi ekanligi haqida yozgandi. Zbignev Bzejinskiy doim O‘zbekistonga katta ehtirom bilan yondashgan, — deya xotirlaydi Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev.
Izoh (0)