Rossiya mudofaa vazirligi Amerikaning F-22 qiruvchilari Alyaska yaqinida Rossiyaning Tu-95MS strategik bombardimonchilariga qariyb yarim soat hamrohlik qilib borganini ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.ru”.
“2017-yil 17-aprel kuni Ukrainka aviabazasining ikkita Tu-95MS strategik bombardimonchisi havo patrulligi bo‘yicha topshiriqlarni muvaffaqiyat bilan bajardi”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Rossiya samolyotlari parvozining yo‘nalishi Tinch okeanidagi neytral suvlar ustidan, Aleut orollari bo‘ylab o‘tgan. Bombardimonchilar 10 ming metr balandlikda soatiga 850 km tezlikda 5 ming kilometrga yaqin parvoz qilgan.
“Parvoz davomiyligi yetti soatdan oshiqni tashkil qildi. Alyaska hududida xalqaro suvlar ustida Tu-95MS samolyotlariga AQSh HHKning F-22 qiruvchilari 27 daqiqa hamrohlik qildi”, — deya aniqlik kiritdi vazirlik.
Izoh (0)