AQSh prezidenti Barak Obama o‘zini uchinchi prezidentlik muddatiga saylanish imkoniyati bo‘lganida, prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan bo‘lardi, deb hisoblaydi, chunki ko‘plab amerikaliklar u bilan bir xil qarashga ega. Bunday fikrni u CNN telekompaniyasiga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Obamaning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik amerikaliklar “bag‘rikenglik, xilma-xillik va ochiqlikka asoslangan, g‘ayratga va shiddatga to‘la Amerika birligiga haqiqatan ishonadi”. “Ishonamanki, prezident lavozimi uchun kurashda yana bir bora qatnashib, ushbu fikrlarga urg‘u berganimda, men amerikaliklarni ushbu g‘oya atrofida birlashtira olgan bo‘lardim”, — dedi u va uning ishonchi “butun dunyo bo‘ylab odamlar bilan, hatto uning fikriga qo‘shilmaydiganlari bilan ham suhbatlarga” asoslanishini qo‘shib qo‘ydi.
Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Hillari Klintonning mag‘lubiyati haqida gapirar ekan, Obama bunga sobiq davlat kotibining matbuot bilan muloqotida yuzaga kelgan muammolar sabablardan biri bo‘lib xizmat qilganini aytdi.
Izoh (0)