Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchisi Donald Tramp Alyaskadagi uchrashuv yakunida hech qanday hujjat yoki kelishuv imzolashni rejalashtirmayapti. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Kreml so‘zchisiga ko‘ra, uchrashuvda Ukraina mojarosini hal etishga oid masalalar muhokama qilinadi.
“Prezident Putin va Donald Tramp gaplashmoqchi. Ular gaplashishga tayyor va eng murakkab masalalarni muhokama qiladi”, degan Peskov.
Shuningdek, u uchrashuvda hech qanday hujjat imzolanishi kutilmayotganini bildirdi. Biroq matbuot anjumanida Putin bayonot berishini aytdi.

“Hech narsa kutilmayapti. Hech narsa tayyorlanmagan va hujjat bo‘lishi ham dargumon. Ammo qo‘shma matbuot anjumani bo‘lishini hisobga olib, Putin erishilgan kelishuv va muhokamalar haqida bayon qiladi”, degan Peskov.
Dmitriy Peskov Ukrainadagi urushni murakkab va ko‘p qirrali hodisa deb atadi. Shuningdek, yevropaliklardan munosib javobni kutib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning pozitsiyasi uchrashuv chog‘ida inobatga olinadimi, degan savolga javoban Peskov hozircha muzokaralar Rossiya va AQSH o‘rtasida ketayotganini aytdi. Ukraina tomoni bilan muhokama esa keyingi bosqichlarga tegishli ekanini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp va Vladimir Putinning Alyaskadagi uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 16-avgust, soat 00:30 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)