Farg‘ona viloyatida bojxona postlaridan birining rahbari pora bilan ushlandi, deya xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.

Maʼlum qilinishicha, 2025-yil 13-avgust kuni bojxona xizmati podpolkovnigi – bojxona posti rahbari o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib jinoyatga qo‘l urgan. U Qirg‘izistondan olin kelingan 80 dona iPhone 16 telefonlarini bojxona tekshiruvisiz, rasmiylashtirmasdan chegara postidan o‘tkazib yuboradi. Keyin noqonuniy xatti-harakatini davom ettirib, “xizmat” haqi sifatida yuk egasidan 5 ming dollar va bitta iPhone 16 Pro berishini talab qiladi. Fuqaro bunga rozi bo‘ladi. Keyin holat bo‘yicha DXX boshqarmasiga ariza bilan murojaat qiladi.
-RdNRfZsD.avif)
Bojxona posti boshlig‘i talab qilingan pul va telefonni Farg‘ona tumani “Mindonobod” MFY hududida olgan vaqtida ushlanadi.
Ayni paytda qo‘lga olingan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Andijon va Toshkent viloyatlarida hokim o‘rinbosari hamda qator mansabdorlar pora bilan qo‘lga tushgani xabar qilingandi. Shu bilan birga, Sharof Rashidov tumani hokimi va Guliston shahar prokurori o‘rinbosari pora olayotganda ushlangan.
Izoh (0)