Bugun, 15-avgust kuni Xitoyda Butunjahon gumanoid robotlar o‘yinlari boshlandi. Musobaqaning maqsadi — sun’iy intellekt va robototexnika sohasidagi yutuqlarni namoyish etish bo‘lib, unda 16 mamlakatdan kelgan 280 ta jamoa qatnashmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, robotlar yengil atletika, stol tennisi, futbol kabi sport turlarida bahslashdi. Shuningdek, ular dorilarni saralash, materiallarni tashish va tozalash xizmatlari kabi faqat robotlarga xos vazifalarni ham bajardi.

Musobaqada AQSH, Germaniya va Braziliyadan ham jamoalar qatnashmoqda. Jamoalarning 192 tasi universitetlar sharafini himoya qilsa, 88 ta jamoa Xitoyning Unitree va Fourier Intelligence kabi xususiy kompaniyalari nomidan ishtirok etadi. Ishtirokchilar Booster Robotics kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan robotlardan foydalandilar.
Robotlar o‘yiniga kirish chiptalari 17 dollardan 80 dollargacha sotilmoqda. Futbol va yugurish musobaqalarida robotlar bir-biriga urilib, ko‘p marta yiqilgan. Bu esa tomoshabinlarning hayrati va tabassumiga sabab bo‘lmoqda. Biroq, qancha yiqilish va to‘qnashuvlarga qaramay, robotlar mustaqil ravishda o‘zini tiklamoqda.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, o‘yinlar amaliy vazifalarda, masalan, zavod ishlarida foydalaniladigan robotlarni ishlab chiqishda qimmatli ma’lumotlar to‘plash imkonini beradi.
Xitoy aholisining qarib borayotgani va AQSH bilan texnologik raqobat fonida mamlakat humanoidlar va robototexnikaga milliardlab dollar sarmoya kiritmoqda. So‘nggi oylarda Xitoy bir nechta yirik robototexnika tadbirlarini o‘tkazdi.
Morgan Stanley tahlilchilarining fikricha, Xitoyda o‘tkazilgan robotlar konferensiyasiga oddiy xalq vakillari ham ko‘p kelgan. Bu shuni anglatadiki, Xitoyda faqatgina yuqori lavozimdagi amaldorlar emas, butun jamoatchilik sun’iy intellekt konsepsiyasini qabul qilgan.
Izoh (0)