Amerikaning Shimoliy Karolina shtati Sharlott shahri politsiyasi politsiyachi qora tanli erkakni otib tashlagani aks etgan videoni e’lon qilishdan bosh tortmoqda, deb yozadi “TASS”.
Matbuot anjumanida shahar politsiyasi shefi Kerr Putni ma’lum qilishicha, videoyozuvning tarqatilishi shaharda yangi noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shahar meri Jennifer Roberts 43 yoshli Keyt Lamont Skottning o‘limi aks etgan video “elon qilinishi kerak”ligini ta’kidladi. “Gap buni qachon amalga oshirishda”, — dedi u.
Sharlottdagi noroziliklar 20-sentabr kuni politsiyachilar tomonidan afroamerikalik Keyt Skottning o‘ldirilishi tufayli boshlandi. Politsiya u to‘pponcha bilan qurollanib, ofitserning qurolni tashlash buyrug‘iga itoat qilmadi, deb hisoblaydi. Skottning oilasi va guvohlar so‘zlariga ko‘ra, uning qo‘lida o‘qotar qurol emas, kitob bo‘lgan.
Keyinroq shtat gubernatori shaharda favqulodda holat va komendantlik soatini (yarim tundan ertalab 6 gacha) joriy qildi.
Shunga qaramay, 23-sentabrga o‘tar kechasi Sharlottdagi namoyishlar davom etdi. Tartibsizliklar boshidan buyon politsiya 44 kishini hibsga oldi.
Izoh (0)