AQSh Milliy aerokosmik agentligi (NASA) Rossiyaning Norilsk shahri yaqinidagi qizil tusga kirgan Daldikan daryosining 2001- va 2016-yillarda sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarini ko‘rsatdi, deb yozadi “RBK”.
NASA ma’lumotlariga ko‘ra, daryo suvi 2016-yilda aniqlanganidan ancha avvalroq qizarishni boshlagan. Daryo 2001-yil avgustida ham qizil rangda bo‘lgan.
“Sun’iy yo‘ldoshlar Norilsk atrofidagi suvlarning qizil rangdagi tasvirlarini bir nechta davrlarda, jumladan, 2015-yil iyulida, 2014-yil iyulida, 2013-yil avgustida, 1998-yil iyulida va 1997-yil sentabrida ham olgan. Suratlarda daryoning issiq fasllardagi, suv muzlamaydigan paytlardagi holati aks etgan”, — dedi olimlar.
Kembridj universiteti tadqiqotchisi Garet Riz ma’lum qilishicha, 1990-yillar o‘rtalarida Norilskka tashrifi chog‘ida qizil tusdagi suvni shaxsan o‘zi ko‘rgan.
Avvalroq Rossiyaning “Norilskiy nikel” tog‘-metallurgiya kompaniyasi Krasnoyarsk o‘lkasidagi Daldikan daryosining sentabr boshida to‘q qizil tusga kirib qolgani sababini tushuntirgan, bunga daryoga Nadejenskiy metall zavodi suv omboridan ifloslangan suvning oqib ketishi sabab bo‘lganini aytgan edi.
Izoh (0)