G‘azo sektorida og‘ir gumanitar inqiroz fonida bir kilogramm shakarning narxi 100 dollargacha ko‘tarildi. Bu haqda yarim eksklav qabilalar kengashi vakili Xail Abu al-Husayn ma’lum qildi.

“Urush tufayli odamlar ko‘chada va chodirli shaharchalarda yashashga majbur bo‘lmoqda. Bir kilogramm shakar, agar u umuman topilsa, 100 dollar turadi. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari butunlay yo‘q. Odamlar gumanitar yordam kolonnalariga tashlanyapti”, dedi u.
Al Qahera News telekanalining xabar berishicha, 30-iyul kuni G‘azo hududiga Misrning to‘rtinchi gumanitar karvoni kirib kelgan. So‘nggi kunlarda mamlakat sektorga kamida besh ming tonna yuk, jumladan, oziq-ovqat, eng zarur narsalar va tibbiy jihozlarni yetkazib berdi. Shu bilan birga, gumanitar tashkilotlar vakillari davom etayotgan mojaroli vaziyatda bu yordamni aholi o‘rtasida to‘g‘ri taqsimlashning imkoni yo‘qligini ta’kidlamoqda.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlarni tashkil etish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (BAPOR) ma’lumotlariga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 40 barobar ko‘tarilgan.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, guruch va un narxi 30 dollargacha qimmatlashgan.
“Shu paytda G‘azo yaqinidagi BAPOR omborlarida butun aholini uch oydan ortiq ta’minlay oladigan oziq-ovqat zaxiralari mavjud. G‘azodagi azob-uqubatlar inson qo‘li bilan yaratilgan va ularga chek qo‘yish zarur. Qamal olib tashlansin va insonparvarlik yordami xavfsiz hamda zarur miqdorda yetkazib berilishiga imkon yaratilsin”, -deya ta’kidladi BAPOR bosh komissari Filipp Lazzarini
Bundan avval Isroilning “Betselem” va “Inson huquqlari uchun shifokorlar” tashkilotlari alohida bayonotlar bilan chiqib, mamlakat hukumatini falastinliklarni qirg‘in qilishda ayblagandi.
Izoh (0)