Joriy yil yarmida respublikada 80 mingdan ziyod avtoraqamlar sotildi. Bu haqda Respublika tovar-xomashyo birjasi maʼlum qildi.

2025-yil yanvar–iyun oylarida birjada jami 107,6 trln so‘mlik savdo shartnomalari tuzilgan. Bu raqam 2024-yil I yarimdagiga qaraganda 36,5 foizga ko‘p.
Birja savdolari bo‘yicha tuzilgan eng yirik bitimlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (44 foiz), yoqilg‘i energetika mahsulotlari (19 foiz), qora va rangli metallar (19 foiz) ulushlariga to‘g‘ri kelgan.
Olti oy ichida avtoraqam.uzex.uz sayti orqali umumiy qiymati 378,7 mlrd so‘mlik 80 mingdan ziyod avtoraqamlar sotilgan. Savdo jarayonlari onlayn-auksionlar orqali amalga oshirilgan.
“Sotilgan avtoraqamlarning 96 foizi jismoniy shaxslarga, qolgan 4 foizi yuridik shaxslarga to‘g‘ri kelgan”, deyiladi manba xabarida
Maʼlum qilinishicha, sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 1,7 mln so‘m, eng qimmati esa 509,6 mln so‘m bo‘lgan.
Maʼlumot uchun, 2024-yil I yarmida birjada 426,2 mlrd so‘mlik 104,9 mingdan ziyod avtoraqamlar sotilgandi. O‘shanda ham sotilgan avtoraqamlarning eng past narxi 1,7 million so‘mni tashkil etgan. Eng qimmat avtoraqam qiymati 517,1 million so‘mga yetgan.
Izoh (0)