Shimoliy Koreya mamlakat rahbarining AQSH prezidenti Donald Tramp bilan yangi uchrashuvi faqat bir shart bilan — Vashington KXDRni rasman yadroviy davlat sifatida tan olsagina amalga oshishi mumkin. Bu haqda Shimoliy Koreya rahbarining singlisi va Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘lim direktor o‘rinbosari Kim Yo Chjon ma`lum qilgan.

“KXDRning yadroviy davlat sifatidagi qaytarib bo‘lmas maqomini tan olish va uning imkoniyatlari hamda geosiyosiy muhiti tubdan o‘zgarganini tushunish kelajakdagi har qanday muzokaralar uchun dastlabki shart bo‘lishi kerak. Hech kim bu haqiqatni inkor eta olmaydi va uni past baholamasligi lozim”, dedi Kim xonim.
Bayonot Oq uyning Pxenyan bilan muloqotga tayyorligi haqidagi izohlari fonida yangragan. Kim bu so‘zlarni “o‘tmishga bir tomonlama baho berish” deb atagan va “2025-yil 2018 yoki 2019-yil emasligini” eslatib o‘tgan. O‘sha paytda Donald Tramp va Kim Chen In o‘rtasida uchta tarixiy uchrashuv, jumladan, Singapur va Xanoy sammitlari, shuningdek, qurolsizlantirilgan hududdagi muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi.
Kim Tramp va Shimoliy Koreya rahbari o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar “yomon bo‘lmaganini” tan olgan.
“AQSH o‘zgargan voqelikni e’tiborsiz qoldirib, yadrosizlanishni talab qilishda davom etsa, bunday aloqalarning hech qanday ma’nosi yo‘q”, deydi u.
Uning aytishicha, agar Vashington yangi shartlarni qabul qilmasa, unda muzokaralar Amerika tomonining xomxayoligina bo‘lib qoladi.
Izoh (0)