Rossiya Tergov qo‘mitasining Samara viloyati bo‘yicha tergov boshqarmasi asrandi o‘g‘lini zanjir bilan bog‘lab qo‘ygan ayolga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘adi, deya xabar bermoqda “TASS” muassasa rasmiy vakiliga tayanib.
“Ayolga nisbatan ‘Ozodlikdan noqonuniy ravishda mahrum qilish’ moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. 29-iyul kuni u bolaning oyog‘iga taxminan bir metrlik metall zanjir o‘rab, stulga qulf orqali bog‘lab qo‘ygani aniqlandi”, — dedi u.
Bola 9 yoshda bo‘lib, uni sakkiz oyligidan buyon o‘z vasiyligiga olgan ayol zanjirband qilgan.
Asrab olgan ayol aniqlik kiritishicha, u uydan 2—3 soatga chiqishiga to‘g‘ri kelgani uchun bolani zanjir bilan bog‘lab qo‘ygan, bola ruhiy nevrologik dispanserda ro‘yxatda turib, muntazam ravishda davolanadi, kattalar yo‘qligida esa uydan qochib ketishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bola o‘zini agressiv tarzda tutadi, bungacha o‘g‘rilik qilgan, o‘t qo‘yib yuborgan. Ayol, shuningdek, bolani birinchi marta bog‘lab qo‘ygani va unga zo‘ravonlik qilmaganini ta’kidladi.
Tergov boshqarmasida bolaning tanasida jabrlanganlik belgilari topilmaganini aytishdi. Ayni paytda bola ijobiy tavsif berilayotgan bu oiladan olib qo‘yildi.
Izoh (0)