Shavkat Mirziyoyevga Olimpiya shaharchasi infratuzilmasidan samarali foydalanish rejalari, sport tashkilotlarining joylashuvi va faoliyati bo‘yicha axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, shaharchada xalqaro darajadagi musobaqalar o‘tkaziladi. Inshootlar undan keyin ham bo‘shab qolmaydi. Mamlakat terma jamoalarining o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Federatsiyalar sport maktablari bilan bog‘lanadi. Hududda va majmualarda yurtdoshlar ham sport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.
Prezident shu yerda soha mutasaddilari va sport federatsiyalari rahbarlari bilan muloqotda bo‘ldi.
Avvalo sportchilarimiz va federatsiyalarni mana shunday maskan bilan tabriklayman. Bu bilan yosh avlod salomatligiga, bo‘lajak yutuqlarga katta poydevor qurdik. Lekin bu ishning eng osoni. Qiyini sport turlarini ommalashtirish, professional sportchilarni tayyorlash. Biz sportni ham salomatlik, ham natijadorlik nuqtai nazaridan rivojlantirib boramiz. Xudo xohlasa, bunday Olimpiya shaharchalari viloyatlarda ham quriladi. Asosiy maqsad yoshlarimizning sog‘lom va barkamolligi, dedi davlat rahbari.
Ma’lumki, 2024-yilda Parijda o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida har ikki yo‘nalishda 13-o‘rinni egallagan edi. Endi olimpiya harakatini yanada rivojlantirish, kelgusidagi musobaqalarda natijalarni oshirish maqsad qilingan.

Prezidentning shu yil 8-iyuldagi qarori bilan, O‘zbekiston sportchilarini 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash dasturi qabul qilindi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Milliy olimpiya qo‘mitasining 14 ta hududiy bo‘limi tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidentining maxsus vakili etib belgilandi. Har bir hududga Sport vazirligi va Olimpiya qo‘mitasidan mas’ullar biriktirildi.

Asosiy maqsad yuqori sport natijalariga faqat bitta Olimpiada emas, doimiy va mustahkam zamin yaratishdir. Iqtidorli sportchilarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab saralash va professional etib tayyorlash uchun uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasi yo‘lga qo‘yildi. Uning final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida o‘tkaziladi. G‘olib va sovrindor sportchilar Olimpiya markazlariga jalb etilib, professional tayyorlanadi.

Respublika olimpiya va paralimpiya markazining faoliyati milliy terma jamoalar zaxirasini yaratishga qaratiladi. O‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazib borish uchun Olimpiya shaharchasi inshootlari markazga beg‘araz asosda biriktiriladi. Shuningdek, atletlar zaxirasini kengaytirish maqsadida xususiy sport klublari faoliyati takomillashtirilib, rasmiy musobaqalardagi ishtiroki ta’minlanadi. Yuqori natija ko‘rsatgan sportchilar milliy terma jamoalarga qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.

Prezident sport turlarini ommalashtirish masalasiga alohida urg‘u berdi.
Mardlik, kurashchanlik xalqimizning qonida bor. Odamlarimiz sportni yaxshi ko‘radi. Buni qo‘llab-quvvatlab, mahallalarda sportni yanada ommalashtirish kerak. Buning uchun joylarda sharoit bor. Yana qurayapmiz. Natija ham ommaviylikdan kelib chiqadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga sohani raqamlashtirish, sport federatsiyalari faoliyatini kuchaytirish, natijador sport turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Izoh (0)