Alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniya bo‘lgan Coca-Cola 1-avgustdan boshlab xalqaro biznesini tashkillashtirishning o‘zgartirish rejalarini e’lon qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Kompaniya press-relizida bildirilishicha, o‘zgarishlar natijasida uchta mustaqil bo‘linmadan (Yevropa, Yevrosiyo va Afrika) Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi (EMEA mintaqasi) biznes uchun javob beradigan bitta guruh tashkil etiladi. Uni Lotin Amerikasi bo‘linmasi rahbari Brayan Smit boshqaradi.
Shuningdek, guruhning o‘zida ham o‘zgarishlar ro‘y beradi. Jumladan, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi, shuningdek, Rossiya, Ukraina va Belarusdagi operatsiyalar bitta bo‘linmaga jamlanadi. Unga Nikos Kummetis rahbar etib tayinlandi. Rossiya, Ukraina va Belarusdagi operatsiyalar uchun javob berib kelgan Zoran Vuchinich Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi bo‘linmaga boshchilik qiladi.
Osiyo-Tinch okeani guruhi prezidenti etib Janubiy Lotin Amerikasidagi operatsiyalar uchun mas’ul Jon Myorfi tayinlandi.
“Ushbu o‘zgarishlar ichimliklar biznesi ahamiyatining oshib borayotganligi, shuningdek, kompaniyada qanchalik ko‘p katta tajribaga ega top-menejerlar ishlayotganligini ko‘rsatadi”, — deya ma’lum qilgan Coca-Cola direktorlar kengashi raisi Muxtor Kent.
Qayd etish joizki, 24-may, seshanba kungi savdolar chog‘ida Coca-Cola aksiyalari 0,1 foizga qimmatlashgan, yil boshidan beri esa kompaniya kapitallashuvi 2,7 foizga — 190 milliard dollargacha oshgan.
Izoh (0)