IShID terrorchilari Iroqda jangarilar egallagan hududni tark etmoqchi bo‘lgan besh kishidan iborat oilani tiriklayin yoqib yubordi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Ushbu oila, jumladan, uch nafar bola 10-may, seshanba kuni Iroq shimolidagi Kirkuk shahrining Riyod tumanida omma ko‘z o‘ngida yoqib yuborildi”, — deya ma’lum qilgan Eronning Press TV telekanali.
Telekanalning bildirishicha, IShID Iroq armiyasi va xavfsizlik kuchlari hujumi chog‘ida tirik qalqon sifatida foydalanish uchun tinch aholiga guruh nazoratidagi hududlarni tark etishni man qilgan.
Shuningdek, 10-may kuni terrorchilar Mosul janubidagi Kayara shahri chekkasida may oyi boshida jang maydonini tark etgan 35 nafar jangarini ham tiriklayin ko‘mgani haqida xabar berilmoqda. O‘shanda IShID Iroq shimolidagi Bashir qishlog‘ini boy bergandi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)