Prezidentning yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarori imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorda yakka tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning ixtiyoriy ravishda rasmiy ishlashini rag‘batlantirish, maʼmuriy tartib-taomillarning takrorlanuvchi va ortiqcha talablarini bekor qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratish va naqdsiz to‘lovlarni qabul qilish uchun qulay va samarali mexanizmlarni joriy etish qarorning asosiy maqsadlari etib belgilangan.
2026-yil 1-yanvardan boshlab yakka tadbirkorlar qatʼiy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi va soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan daromadi yuz million so‘mdan oshmagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni aylanmadan olinadigan soliq to‘lashdan ozod qilish tartibi bekor qilinadi.
Bunda yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Ushbu qarorga iqtisodchilar ham ijobiy fikr bildirgan. To‘lov tashkilotlari tadbirkorlar uchun “yagona darcha” kabi bo‘lib, xizmatlarni soddalashtirishi, rasman ishlash uchun qulay sharoitlar hamda soliq imtiyozlari fuqarolarning hayotini ancha yengillashtirishini taʼkidlagan.
“2026-yildan bitta to‘lov tizimi orqali YaTTlar soliqlarni to‘lash, shartnomalar tuzish, pul yechib olish va hokazo xizmatlarni amalga oshira oladigan bo‘ladi. Alohida ERI va kompyuter xizmatlari esa kerak bo‘lmaydi”, degan Pik Skartaris Telegram kanali muallifi.
Izoh (0)