Gollivud yulduzi Anjelina Joli va mashhur rejissyor Dag Layman oradan qariyb yigirma yil o‘tib yana bir sahnada birlashmoqda. 2005-yilda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan “Janob Smit va Smit xonim” filmi Joli uchun jahon miqyosida mashhurlik olib kelgan edi. Endilikda aktrisa “The Initiative” (“Tashabbus”) nomli yangi trillerida josus roliga qaytmoqda, deb xabar berdi Oxu.Az.

Universal Pictures kompaniyasi loyihani sotib olish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichiga kelgan. Kartina “josuslik olamidan bir kun” bo‘lishi qayd etilmoqda. Bu 2001-yilda Denzel Vashington va Itan Xouk bosh rollarda suratga olingan mashhur kriminal dramaga ishoradir.
Film markazida go‘zal va ziyrakligi bilan tanilgan Brayt ismli josus ayol (Joli ijrosida) turadi. U har doim qoidalarni buzadi, o‘z uslubida harakat qiladi. Uning elita guruhiga yangi a’zo — Charli ismli yigit qo‘shilgach, ikkisi xavfli o‘yinning markaziga tushib qoladi.
Ssenariy muallifi “Uchta X: Jahon hukmronligi” va “Avtoban” filmlari bilan tanilgan F. Skott Freyzerdir. Prodyuserlar Jo Rot va Jeff Kirshenbaum bo‘lib, ular joriy yil boshida Netflix’ning “Ma’buda va ajdaho” filmi hamda “Sendan boshqa hammasi” romantik komediyasi ustida ishlagan.

49 yoshli Anjelina Joli uchun bu loyiha jangari triller janriga tantanali qaytish bo‘lishi mumkin. “Tashabbus” filmini suratga olish ishlari 2026-yilning birinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan. Charli rolini kim ijro etishi esa hozircha sir tutilmoqda.
Izoh (0)