Rossiya maxsus xizmatlari 2014-yilda Sochida bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlari vaqtida xavfsizlikni ta’minlash uchun ekstremistlarning janubiy hududlardan chet elga chiqib ketishiga imkon yaratgan. Bu haqda “Xalqaro inqiroz guruhi” (XIG) ekspertlari tomonidan tayyorlangan ma’ruzada aytiladi, deb yozadi Meduza.
XIG ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida Shimoliy Kavkazdagi deyarli barcha respublikalarda terroristik faollik darajasi pasaygan. Bunday natijaga nafaqat harbiylarning samarali harakatlari, balki jangarilarning yalpi tarzda Suriyaga jo‘nab ketganligi ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi ekspertlar.
XIGdagilar ta’kidlashicha, Sochi Olimpiadasi arafasida harbiylar mamlakatning janubiy hududlaridan jangarilar chiqib ketishini yengillashtiradigan sharoitlarni yaratgan. Ekspertlar “Kommersant” nashriga bergan ma’lumotida Olimpiada oldidan “maxsus xizmatlar bilan bog‘liq kishilar” ekstremistlarga chet el pasportini rasmiylashtirish va Turkiyaga chiqib ketishga yordam berganini tasdiqladi.
Olimpiadadan so‘ng Shimoliy Kavkazning ekstremistik kayfiyatdagi aholisi ustidan nazorat kuchaydi. Rossiya Federatsiyasidan tashqarida noqonuniy guruhlar faoliyatida qatnashganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish haqidagi qonunni qabul qilish orqali, Rossiyadan tashqariga chiqib ketgan jangarilarga qaytib kelishni taqiqlashdi.
Izoh (0)