Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriya prezidenti Bashar Asad bilan muzokaralari chog‘ida IShID jangarilariga qarshi kurashishga tayyor bo‘lgan Suriya muxolifatini harbiy sohada qo‘llab-quvvatlash masalasini muhokama etganini ma’lum qildi. Bu haqda u “Valday” xalqaro bahs klubi qatnashchilari bilan muloqotida aytib o‘tgan, deya xabar beradi “RBK”.
“Prezident Asad bilan muzokaralarimizning ayrim jihatlarini oshkor etmoqchiman, — deb javob bergan shu xususdagi savolga Putin. — Men undan ‘Suriyada IShIDga qarshi kurashishga tayyor muxolifatni topsak, ularning terrorchilikka qarshi harakatlarini qo‘llashimizga qanday qaraysiz?’, — deb so‘radim. Asad bunga ijobiy munosabatda ekanligini aytdi”.
Rossiya prezidenti AQSh Suriya muxolifatiga tankka qarshi majmualarni yetkazib berayotganini aytib, buni “katta xato”, deb hisoblashini bildirgan. Shuningdek, AQSh muxolifatga ko‘chma zenit-raketa majmualarini topshirmasligiga umid qilgan. “Amerika rahbariyati bilan ko‘p masalalarda fikrimiz bir joydan chiqmasa-da, ular teran fikrlaydigan kishilar va bu qurollar tez orada uni amerikalik uchuvchilarga qarshi qaratadiganlar qo‘liga tushishi mumkinligini yaxshi anglab yetadi”, deya ta’kidlagan Putin.
Izoh (0)