Maxachqal’a shahri (Rossiya)da boks bo‘yicha an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
O‘n yettinchi bor tashkil etilgan mazkur musobaqada 16 davlatdan (O‘zbekiston, Avstraliya, Polsha, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Latviya, Moldaviya, Ukraina, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Ispaniya, KXDR, Shvetsiya, Estoniya, shuningdek, Rossiyaning turli hududlaridan) 198 nafar bokschi g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Mazkur xalqaro turnirda asosan ikkinchi tarkib bilan ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘ringa Rossiya terma jamoasi sazovor bo‘lgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni KXDR terma jamoasi band etdi.
O‘zbekiston hisobiga oltin medalni Abdulxay Shoraxmatov (-56 kg) keltirgan bo‘lsa, Abdulla Qo‘chqorov (-49 kg), Azizbek Otajonov (-52 kg), Anvar Turopov (-64 kg), Akmalbek Qosimov (-75 kg) va Ulug‘bek Mubinov (+91 kg) kumush, Sardor Muzaffarov (-56 kg) esa bronza medali bilan taqdirlandi.
Izoh (0)