Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe AQSh prezidenti Barak Obamaga Wikileaks tashkilotining Yaponiya bosh vaziri va yirik yapon korporatsiyalari AQSh Milliy xavfsizlik agentligi kuzatuvi obyekti bo‘lgani haqidagi xabarlari yuzasidan xavotir bildirdi, deya xabar bermoqda “TASS”. Kyodo agentligi yozishicha, bu haqda ikki mamlakat yetakchilarining telefon suhbatida aytilgan.
“Agar bu haqiqatda bo‘lgan bo‘lsa, u ishonchli aloqalarga putur yetkazishi mumkin”, — dedi Abe. Bosh vazir, shuningdek, Amerika tomonidan bu borada o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalarini taqdim etishni talab qilgan.
Nashr eslatishicha, Wikileaks 31-iyul kuni o‘z portalida “Nishon — Tokio” nomli maqola e’lon qilgan edi. Unda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, MXA yapon kompaniyalari, davlat arboblari va vazirliklar ishchilarini kamida 2006-yil sentabridan 2007-yil sentabrigacha — bosh vazir Sindzo Abe lavozimini egallab turgan vaqtida kuzatgan.
Izoh (0)