Yevropa Komissiyasi yangi makromoliyaviy yordam dasturi doirasida 22-iyul kuni Ukrainaga 600 million yevro ajratdi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Ukraina vakolatxonasi axborotiga ko‘ra, mazkur mablag‘lar mamlakatning shoshilinch moliyaviy ehtiyojlari va iqtisodiyotni barqarorlashtirishni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, muhim islohotlarni tatbiq etishga yo‘naltiriladi.
Ayni vaqtda, iqtisodiy va monetar masalalar bo‘yicha Yevropa komissari Pyer Moskovichining qayd etishicha, mazkur 600 million yevro miqdoridagi makromoliyaviy yordam Ukrainadagi inqiroz boshidan beri Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilgan 1,6 milliard yevroga qo‘shimchadir.
“Agar Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasidagi kelishilgan iqtisodiy va tuzilmaviy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, Yevropa Komissiyasi keyingi oylar davomida qo‘shimcha 1,2 milliard yevro ajratish masalasini ko‘rib chiqadi”, — deydi Moskovichi.
Izoh (0)