UEFA Superkubogi bahsida Yevropa Chempionlar Ligasi g‘olibi hisoblangan “PSJ” hamda Yevropa Ligasi chempioni “Tottenhem” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Udine (Italiya) shahridagi “Blueenergy” stadionida o‘tgan uchrashuvning asosiy vaqti 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Penaltilar seriyasida esa fransuz klubi 4:3 hisobida g‘alaba qozonib, bosh sovringa ega chiqdi.

O‘yin juda qiziqarli boshlandi. Har ikki jamoa ham navbatma-navbat raqib darvozasi oldida xavfli hujum uyushtirdi. 39-daqiqaga kelib Mikki van de Ven “shporlar”ni hisobda oldinga olib chiqdi. 48-daqiqada Kristian Romero oradagi farqni ikkitaga oshirib qo‘ydi.
O‘yin yakuni arafasida “PSJ” hisobni tenglashtirishni uddaladi. Dastlab, 85-daqiqada Li Kang In farqni bittaga qisqartirgan bo‘lsa, 90+4-daqiqada Gonsalu Ramush jamoasining o‘yindagi ikkinchi goli muallifiga aylandi.
O‘yin g‘olibini aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilindi va unda “PSJ” futbolchilari aniqroq harakat qilib, Superkubokni qo‘lga kiritdi.
UEFA Superkubogi
13-avgust, chorshanba
“PSJ” — “Tottenhem” 2:2 (penaltilar seriyasi — 4:3)
Gollar: 0:1 — Mikki van de Ven (39), 0:2 — Romero (48), 1:2 — Li Kang In (85), 2:2 — Ramush (90+4)
Izoh (0)