27-may kuni besh kunlik ishchi tashrifi bilan Xalqaro regbi ittifoqi prezidenti Bernard Lapasset Toshkentga keladi. Bu haqda O‘zbekiston regbi federatsiyasiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar qilmoqda.
Bernard Lapasset tashrif davomida Get Into Rugby xalqaro dasturining O‘zbekistonda amalga oshirilish jarayoni bilan tanishadi, regbichilarning tayyorgarlik bazasini ko‘zdan kechiradi hamda davlat, sport va ishchi doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
U yana Osiyo chempionati doirasidagi O‘zbekiston va Hindiston erkaklar terma jamoalari o‘yiniga tashrif buyuradi hamda Osiyo regbi federatsiyasi ijroqo‘mining yig‘ilishida ishtirok etadi.
“Bernard Lapassetni O‘zbekistonda qabul qilish biz uchun katta sharaf, — dedi O‘zbekiston regbi federatsiyasi rahbari Sodiq Safoyev. — Bu tashrif O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo mintaqasida regbining rivojlanishiga yangi turtki berishiga ishonaman”.
Bernard Lapassetning Markaziy Osiyoga birinchi tashrifi 1-iyunga qadar davom etadi. Ayni vaqtda mintaqadagi davlatlardan faqat Qozog‘iston va O‘zbekiston Xalqaro regbi ittifoqining to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. O‘zbekiston 2014-yilning 14-may kuni Butunjahon regbi tashkilotining to‘laqonli a’zosiga aylangan.
Izoh (0)