Malayziya harbiy havo kuchlari o‘zining Airbus A400M samolyoti parvozlarini to‘xtatdi, deb xabar qiladi “RIA Novosti”.
Ushbu qaror Ispaniyaning Sevilya shahrida xuddi shunday samolyot parvoz qilganidan bir daqiqa o‘tib qulaganidan so‘ng qabul qilindi. 9-may kuni sodir bo‘lgan halokat natijasida 4 kishi hayotdan ko‘z yumdi va 2 kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga keltirildi.
Malayziya Qirollik harbiy havo kuchlari 2015-yilning mart oyida ilk ishlab chiqarilgan to‘rtta Airbus A400M’ning birinchisini qo‘lga kiritgandi.
Oldinroq Turkiya, Germaniya va Buyuk Britaniya HHK ham Airbus A400M parvozlarini vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgandi.
Ispaniyaning huquq-tartibot idoralari va Airbus Defence and Space kompaniyasi mutaxassislari Sevilyadagi halokat sabablarini o‘rganmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qulagan Airbus A400M ekipaji texnik nosozliklar haqida xabar berishga ulgurgan.
Airbus А400М — dunyodagi eng katta turbovintli harbiy yuk samolyoti hisoblanadi va Airbus Military zavodida yig‘iladi.
Izoh (0)