KXDR yetakchisi Kim Chen Inga suiqasd uyushtirilishi haqidagi “Intervyu” komediyali jangari filmi 25-dekabr, Rojdestvo kuni AQSh hududidagi 200 dan ortiq mustaqil kinoteatrlarda namoyish etiladi. Bunday qarorni kinolentani ishlab chiqargan Sony Pictures kompaniyasi qabul qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.
Dastlab filmni AQShdagi 3 mingta kinoteatrda ko‘rsatish rejalashtirilgan edi. Sony Pictures kompaniyasi kompyuter tarmog‘iga hujum uyushtirgan xakerlar “Intervyu” premyerasi bo‘ladigan kinoteatrlarda 2001-yil 11-sentabrdagi kabi teraktlar uyushtirish bilan tahdid etgach, filmning 25-dekabrga mo‘ljallangan AQSh premyerasi bekor qilingan edi. Xakerlar aynan qanday xatti-harakatlarni amalga oshirmoqchi bo‘lgani ma’lum qilinmadi.
AQSh prezidenti Barak Obama Sony Pictures’ning xakerlar tahdidlariga qaramay, “Intervyu”ni Amerika kinoteatrlarida namoyish etish qarorini ma’qulladi.
Izoh (0)