AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi G‘arbiy Yevropadagi sherik davlatlarni kuzatishni to‘xtatdi, deb yozadi “Rossiyskaya gazeta”. Bunga birinchi navbatda, Germaniyada agentlarning qo‘lga olingani va maxsus xizmatlarning sobiq xodimi Edvard Snouden Milliy xavfsizlik agentligi yalpi elektron nazorat olib borganini fosh qilgani sabab bo‘ldi.
MRBning maxfiy ko‘rsatmasiga muvofiq, G‘arbiy Yevropadagi ba’zi mamlakatlarda hukumatdagi manbalar bilan uchrashish, shuningdek yangi agentlarni yollash taqiqlandi. Biroq mintaqadagi MRB xodimlari mahalliy razvedkalardagi hamkasblari bilan uchrashishi va ularning roziligi bilan “ba’zi operatsiyalar”ni amalga oshirishi mumkin.
“Tanaffus” vaqtida idoradagilar, fosh bo‘lish riskini hisobga olganda sheriklar ustidan kuzatuv olib borish qanchalik samarali ekani va xarajatlarni oqlash-oqlamasligi masalalarini o‘rganadi. Bu haqda MRB vakili anonimlik sharti bilan ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, razvedka foaliyati bo‘yicha bunday qaror muvofiq bo‘lmagan paytda qabul qilindi. Ayni paytda AQSh Yevropadan Suriyaga borib, jihodchilar tomonida jang qilayotganlar soni ortib borayotgani, shuningdek Rossiya bilan munosabatlar keskinlashayotganidan xavotir olmoqda. MRB operatsiyalari ittifoqdoshlarning terrorchilikka qarshi kurash va boshqa masalalar bo‘yicha rejalari haqida ma’lumot olishga imkon berar edi.
Izoh (0)