Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov mamlakatda ichki internetni global tarmoqdan uzib qo‘yish masalasi ko‘rilayotgani haqidagi xabarlarni butunlay rad etdi. Biroq Moskva g‘arbiy sheriklarning oldindan aytib bo‘lmaydigan xatti-harakatlari tufayli kiberxavfsizlik sohasida himoya choralari ustida ishlayotganini ta’kidladi. Bu haqda Interfax xabar berdi.
“Tabiiyki, Rossiya global internetdan uzib qo‘yilishi, bunday imkoniyat ko‘rib chiqilayotgani haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas”, — dedi Peskov.
Shu bilan birga u “so‘nggi paytlarda AQSh va Yevropadagi sheriklar xatti-harakatlarini oldindan baholab bo‘lmay qolgani va har qanday vaziyatga tayyor turish kerak”ligini ta’kidladi.
Rossiyada axborot xavfsizligi sohada bunday choralar ustida ish olib borilayotgani haqida berilgan savolga Peskov tasdiqlovchi javob berdi. Biroq gap Rossiyani global tarmoqdan cheklash emas, “uni sirtdan bo‘ladigan xatti-harakatlardan himoyalash” haqida bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 19-sentabr kuni “Vedomosti” nashri Rossiya Xavfsizlik kengashida internetning Rossiya segmentini global tarmoqdan vaqtinchalik uzib qo‘yish imkoniyati muhokama etilishi haqida xabar bergan edi. “Shu tariqa mamlakatda harbiy harakatlar yoki norozilik namoyishlari kabi favqulodda holatlar chog‘ida davlat internetning Rossiya segmentini tashqi dunyodan uzib qo‘yishi mumkin bo‘ladi”, — deb yozgan edi nashr.
Izoh (0)