Zimbabve prezidenti Robert Mugabe qora tanli dehqonlarni qishloq xo‘jalik yerlarini sobiq xo‘jayinlari — oq tanli fermerlarga bermaslikka chaqirdi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.
Prezidentning aytishicha, Zimbabveda oq fuqarolarga kompaniyalar va shahar mol-mulklariga egalik qilishga ruxsat berilgan, biroq yer tub aholiga tegishli bo‘lishi kerak.
2000-yildan boshlab Zimbabve hukumati mustamlakachilik qoldiqlarini yo‘q qilib tashlash maqsadida oq tanli fermerlar mol-mulklarini qora tanli aholiga o‘tkazish haqida qonun qabul qilgan edi. Natijada 6 ming oq tanlilarning yerlari 245 ming zimbabveliklar ixtiyoriga o‘tdi. Biroq yangi xo‘jayinlar yetarlicha tajriba va uskunalarga ega bo‘lmagani tufayli mamlakatda oziq-ovqat tanqisligi yuzaga keldi.
Natijada Zimbabve yirik oziq-ovqat eksportchisidan shunday importchiga aylandi. Hozirda oziq-ovqat mahsulotlarining katta qismi AQSh va Yevroittifoq davlatlaridan gumanitar yordam doirasida keltiriladi.
Izoh (0)