30-iyunga o‘tar kechasi Donetskda Rossiyaning Birinchi kanali operatori Anatoliy Klyan halok bo‘ldi. Bu haqda LifeNews nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, jurnalist “harbiy qism yaqinida OAV vakillaridan iborat avtobusning Milliy gvardiya tomonidan o‘qqa tutilishi chog‘ida qorniga o‘q tegishi natijasida halok bo‘lgan”.
Donetsk hududidagi 1428-harbiy qismga muddatli xizmat o‘tovchilarning onalari o‘z o‘g‘illlarini olib ketish uchun avtobusda kelishgan. Shu avtobus ichida OAV vakillari ham bo‘lgan. Harbiy qismga endigina yetib kelayotgan avtobus Ukraina harbiylari tomonidan o‘qqa tutilgan.
Birinchi kanal ham operatorning o‘limini tasdiqladi. U shifoxonaga ketish chog‘ida vafot etgan.
Ukraina tomoni hodisaga hech qanday izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning Lugansk shahrida bo‘lib o‘tgan artilleriya otishmalarida Rossiya televideniyesining ikki nafar jurnalisti halok bo‘lgani xabar berilgan edi.
Izoh (0)