Rossiya harbiy dengiz kuchlari ixtiyoridagi yagona aviatashuvchi Admiral Kuznetsovning taqdiri borasidagi bahs-munozaralar yana kun tartibiga chiqdi. 1985-yili suvga tushirilgan kema 2017-yilga qadar xizmat qildi. Shundan buyon uni yana jangovar safga qaytarishga bo‘lgan urinishlar foyda bermadi. Aviatashuvchi endilikda sotilishi yoxud utilizatsiya qilinishi mumkin.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, mazkur taklifni “VTB Bank” raisi, shu bilan bir vaqtda Birlashgan kemasozlik korporatsiyasini nazorat qilayotgan Andrey Kostin ilgari surgan.
“Bu kema bizning balansda, uni ta’mirlashning ma’nosi yo‘q. Menimcha, masala Kuznetsovni butunlay utilizatsiya qilish yoki sotish bilan hal etiladi”, degan u.
Kostin mazkur fikrlarni Borey-A sinfidagi K-555 “Knyaz Pojarskiy” yadroviy suvosti kemasiga bayroq ko‘tarish bo‘yicha prezident Putin qatnashgan marosimida aytgan. Shuning o‘zi ham rus harbiy flotining faxri hisoblangan kema taqdiri haqida xulosa eng yuqori davralarda qabul qilinganidan dalolat beradi. Boshqacha aytganda, Rossiya harbiy-siyosiy rahbariyati bu masalani jiddiy ko‘rib chiqmoqda.

Kim sotib olishi mumkin?
Defense Express nashrining yozishicha, Admiral Kuznetsovni sotib olish Moskva bilan qalin munosabatlardagi davlatlar uchun ham jozibali emas. Hindiston mahalliy aviatashuvchilarni qurishga ulkan sarmoya kiritmoqda. Braziliya esa Buyuk Britaniyadan HMS Albion hamda HMS Bulwark desant-amfibiya kemalarini sotib olishni rejalashtirgan. Nashr kema biror davlat tashkilotiga “sotilib”, muzey eksponatiga aylantirilishi mumkinligini taxmin qilgan.
Izoh (0)