Qatar Yevropa Ittifoqining majburiy mehnat va ekologik zarar bilan bog‘liq qonunchiligiga javoban LNG (suyultirilgan tabiiy gaz) eksportini to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda Dohaning Belgiya hukumatiga yuborgan maktubi bilan tanishgan Reuters ma’lum qildi.

Qatar LNG eksporti bo‘yicha AQSH va Avstraliyadan keyin uchinchi eng yirik davlat hisoblanadi. Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022-yildan beri Yevropaga LNG importining 12-14 foizini aynan ushbu mamlakat ta’minlab kelmoqda.
Qatar energetika vaziri Saad al-Kaabiy tomonidan 21-may kuni Belgiya hukumatiga yuborilgan maktubda Doha YI tomonidan ishlab chiqilgan korporativ barqarorlik bo‘yicha majburiy tekshiruv (CSDDD) talablarini qabul qilmasligi haqida so‘z boradi. Ushbu qonun yirik kompaniyalardan inson huquqlari buzilishi va ekologik muammolarni bartaraf etishni talab qiladi.
“Agar CSDDD bo‘yicha qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilmasa, Qatar va QatarEnergy YI tashqarisidagi barqaror va qulay bozorlarni jiddiy ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi”, deyiladi maktubda.
Yevropa Ittifoqining pozitsiyasi
Yevrokomissiya ham Qatardan shunga o‘xshash maktub olganini tasdiqladi. Komissiya vakillari CSDDD’ni soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini bildirdi. Takliflar orasida qonunning kuchga kirish muddatini 2028-yil o‘rtalarigacha surish hamda kompaniyalarga qo‘yilgan ayrim majburiyatlarni qisqartirish kabilar bor.
Qatar nima uchun norozi?
Maktubdan anglashilishicha, Qatarni tabiatga chiqarilayotgan zararli gaz va boshqa moddalarni Parij iqlim kelishuvi maqsadlariga mos ravishda cheklash talabi eng ko‘p xavotirga solgan.
“Qatar ham, QatarEnergy ham yaqin kelajakda nol emissiyaga erishishni rejalashtirmagan”, deyiladi xatda.
Qatar CSDDD’ning ushbu talabini butunlay bekor qilishni taklif qilgan.
Izoh (0)