Xalqaro donorlar moliyaviy yordamining qisqarishi hamda shimoliy Nigeriyadagi beqarorlik sabab joriy yilning birinchi yarmida 652 bola hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda “Chegarasiz shifokorlar” (MSF) tashkiloti tarqatgan bayonotda so‘z boradi.

Tashkilot mamlakatning Katsina shtatida 70 mingdan ortiq bola ochlikka qarshi davolangani, shundan 10 ming nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi. MSF, shuningdek AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratib kelingan insonparvarlik yordami keskin kamayganini qo‘shimcha qilgan.
“Byudjet keskin qisqarayotgani ochlikdan haqiqatda aziyat chekayotgan bolalar uchun davolanish imkonini cheklayapti”, deyiladi bayonotda.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, Katsinada eng og‘ir darajadagi ochlikdan aziyat chekayotgan bolalar soni o‘tgan yilga nisbatan 208 foizga oshgan. Bunga xalqaro yordamning kamayishidan tashqari, aholining qoniqarli tibbiy xizmatlarga ega emasligi hamda ko‘plab oilalar o‘z uylarini beqarorlik sabab tashlab chiqqani kabi omillar ham sabab bo‘lgan. MSF vaziyatni “favqulodda safarbarlik talab etadigan darajada og‘ir”, deya ta’rifladi.

Bu hammasi emas
BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi xabariga ko‘ra, mablag‘ tanqisligi sabab iyul oxirigacha Nigeriyaning shimoli-sharqida yashovchi 1,3 million aholi uchun oziq-ovqat yordami to‘xtatiladi. Bu 150 ta ovqatlanish klinikasining yopilishiga hamda 300 ming bolaning og‘ir ochlik xavfi ostida qolishiga sabab bo‘ladi.
Tashkilotning mintaqaviy rahbari Margot Van Der Velden vaziyatni “fojiali” deb atadi:
“Biz millionlab odamni oziq-ovqat va tibbiy yordamdan mahrum qilishga majbur bo‘lishimiz mumkin”, degan u.
AQSH yordami qisqardi
Ma’lum qilinishicha, avvallari shimoliy Nigeriya uchun insonparvarlik yordamlarining aksar qismi Qo‘shma Shtatlarning USAID agentligi orqali shakllantirilgan. Biroq Tramp ma’muriyati tashqi yordamni keskin qisqartirib, agentlikni yopgan. Yevropa ham Ukraina urushi sabab donorlik mablag‘larini kamaytirgan. Nigeriya hukumati bunga javoban sog‘liqni saqlashdagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun joriy yilda 200 milliard naira (130 mln dollar) ajratdi.
Izoh (0)