AQSH prezidenti Donald Tramp 18-mart kuni rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tadigan suhbatda qaysi hududlar Rossiya nazoratida qolishini muhokama qiladi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning yordamchilariga tayanib, The New York Times xabar berdi.

Tramp hududiy masala bo‘yicha Putinni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Bundan tashqari Ukraina Rossiyaning nazoratiga Odessa porti o‘tishi ehtimolidan xavotirda. AQSH prezidenti yordamchilari Rossiya 2014-yilda anneksiya qilingan Qrimni “shubhasiz o‘zida saqlab qolishini”, Ukraina yerlarining taxminan 20 foizi uning nazoratida saqlashini taxmin qilgan.
Trampning o‘zi bu masala bo‘yicha muhokamalar tafsilotlarini va uni hal qilish bo‘yicha keyingi rejalarni oshkor qilmagan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning yordamchilari fevral oyida Tramp boshqa ba’zi hududlar, jumladan, muhim Odessa portiga nisbatan “Putinning istaklarini” qondirishi mumkinligidan xavotirda ekanliklarini bildirgan. The New York Times Ukraina vakillarining bunday xavotirlari nimaga asoslanganiga aniqlik kiritmagan.
13-mart kuni Moskvada Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazgan AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonlar Qora dengizdagi “portlarga kirish” bo‘yicha ehtimoliy kelishuvni muhokama qilganini aytgandi.
Tramp va Putinning telefon orqali muloqoti 18-martga belgilangan. AQSH prezidentiga ko‘ra, ular “yer va elektr stansiyalari haqida gapiradi”. Tramp Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvining “ko‘plab elementlari” allaqachon kelishilgani, “lekin hali qilinadigan ishlar ko‘p” ekanini qayd etgan.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio ta’kidlashicha, Ukraina har qanday tinchlik kelishuvi uchun hududiy yon berishga majbur bo‘ladi. Zelenskiy Putinning shartlarini “ultimatum” deb atagan, yo‘qotilgan hududlarni Rossiyaga tegishli deb tan olishni bir necha bor rad etgan. Bu Ukraina uchun muzokaralardagi “qizil chiziq” hisoblanadi.
♦ Ukrainaning urushni tugatish shartlari
Ukraina qo‘shinlarni 1991-yil chegaralariga olib chiqishni nazarda tutuvchi “tinchlik formulasi”ni amalga oshirishni talab qilmoqda. Gap 2014 va 2022-yillarda Rossiya tomonidan u yerda o‘tkazilgan “referendumlar” va Ukrainaning Qrim, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlari noqonuniy anneksiya qilingani haqida ketmoqda. Moskva “tinchlik formulasi” asosida muzokaralar olib borish imkoniyatini istisno qiladi. Bundan tashqari Ukraina tinchlikka eshitilganidan keyin Rossiya hujumni qayta boshlamasligi uchun xavfsizlik kafolatlari talab qilmoqda. Bu tinchlikparvar kontingentni Ukrainaga joylashtirishni nazarda tutadi. Rossiya esa xorijiy ishtirokni qabul qilmasligini qayd etgan.
♦ Rossiya shartlari
Putin o‘t ochishni to‘xtatish uchun o‘z shartlarini ilgari surdi, jumladan, Ukraina qo‘shinlari o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilingan DXR, LXR, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan olib chiqilishi, ushbu to‘rtta hudud va Qrim go‘yoki xalqaro miqyosda Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi, Ukrainaning NATOga a’zolikdan voz kechishi va sanksiyalarni olib tashlash. Zelenskiy bu taklifni “ishonib bo‘lmaydigan” ultimatum deb atadi.
Izoh (0)