AQSHda 120 yoshdan oshgan taxminan 3,2 million kishi vafot etgani qayd etildi. Bu haqda 18-mart kuni mamlakatning Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) ma’lum qildi.
“Yoshi 120 yoshdan oshgan deb ko‘rsatilgan 3,2 millionga yaqin hisob egasi endi vafot etgan deb belgilandi”, deyiladi departamentning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida.
DOGE ma’lumotiga ko‘ra, AQSH ijtimoiy ta’minot idoralari ikki hafta oldin yozuvlarni keng ko‘lamda tozalashni boshlagan.
DOGE 5-mart kuni AQSH amaldorlari ijtimoiy ta’minot ma’lumotlar bazasida tirik deb qayd etilgan, aslida vafot etgan qarz oluvchilarga jami 333 million dollar miqdorida kreditlar ajratganini ma’lum qilgan. Aniqlanishicha, holatlardan birida go‘yoki 157 yoshli erkakka 36 ming dollar miqdorida kredit berilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp 22-fevral kuni mamlakatda soxta uzoq umr ko‘ruvchilarga million-million to‘lovlar amalga oshirilayotganidan g‘azabini bildirdi. Hujjatlardagi bu faktlarni u sobiq davlat rahbari Jo Baydendan qolgan firibgarlik deb atadi.
Izoh (0)