Rossiya hujum qilgan taqdirda Polsha armiyasi mamlakatni ikki haftagacha mudofaa qila oladi. Polsha Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Dariush Lukovskiy buni o‘q-dorilar yetishmasligi bilan izohlamoqda. Bu haqda Polsat News xabar berdi.

Lukovskiydan Polsha armiyasi ixtiyoridagi o‘q-dorilarning hozirgi holati haqiqatan ham urushning besh kuniga yetishi mumkinmi, deb so‘raldi.
U vaziyat ko‘plab omillarga, xususan, o‘q-dori turlariga bog‘liqligini aytdi. Biroq, Kaliningrad viloyati yoki Belarus tomonidan Rossiya hujum qilgan taqdirda Polsha NATO ittifoqchilarining yordami kelgunga qadar ikki hafta davomida hujumlarni qaytarishi mumkinligini ta’kidladi.
Menimcha, bu kurash qanday olib borilishiga bog‘liq, bugungi zaxiralar bilan bu himoya bir-ikki hafta davom etishi mumkin, dedi polshalik general.
Lukovskiy mamlakat bunday tahdidni keyinga qoldirish bosqichida ekani, biroq harbiy kuchlarini oshirib borayotganini aytdi. U Ukraina tufayli Polsha mustahkamlanib, urush bo‘lgan taqdirda Rossiyaga qarshi tura olishini qayd etdi.
Umid qilamizki, Ukrainaning qarshilik ko‘rsatishi evaziga qo‘lga kiritilayotgan ikki-uch yil ichida biz o‘z salohiyatimizni shu qadar tiklaymizki, Rossiya agressiyasiga real qarshi tura olamiz, deya tushuntirdi Lukovskiy.
Polsha generali Varshavaning Ukrainaga yordam berayotgani sababli zaxiralarining bir qismini sarflayotganini ta’kidladi. Biroq bu jarayon vaziyat yomonlashmasligi uchun ehtiyotkorlik bilan olib borilayotganini aytdi.
Polshada Rossiya bilan urush ehtimoliga “trevoga ryukzaklari” sotilayotgani haqida xabar bergandik. Ryukzaklarda urush yoki boshqa favqulodda vaziyatlarda zarur 15 ta buyum mavjud.
Jumladan, SOS rejimiga ega fonarcha, hushtakli yotoq xaltasi, taktik pichoq, montirovka, qalamli bloknot, plash, ombur, uchtasi birda USB-kabel, universal sumka, po‘lat krujka va ilgakli elastik shnur shular jumlasidandir. “Trevoga ryukzagi” taxminan 150 zlota (salkam 504 ming so‘m) turadi.
Izoh (0)