O‘zbekistonda noqonuniy olib kirish-olib chiqishga urinish holatlarida necha pullik madaniy boyliklar aniqlangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Madaniy meros agentligi huzuridagi Badiiy ekspertiza boshqarmasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bo‘limlari tomonidan 2025-yilning I choragida madaniy boyliklarni himoya qilish, ularni respublikadan olib chiqish yoki olib kirish holatlarini tartibga solish borasida bir qator muhim ishlar amalga oshirildi.
Xususan, ushbu davr mobaynida madaniy boyliklarni olib chiqish uchun 258 ta sertifikatlar rasmiylashtirilib, jami 2 005 ta ashyoni olib chiqishga ruxsat berildi. Shuningdek, vaqtincha olib chiqishga oid 24 ta sertifikat asosida 229 ta eksponat ruxsat asosida olib chiqildi.
Bundan tashqari, Badiiy ekspertiza boshqarmasi tomonidan 172 ta ashyo bo‘yicha yozma maslahatlar berilgan bo‘lib, 2 519 ta madaniy ashyolar sertifikasiz olib chiqilishi mumkinligi haqida tegishli ma’lumotnomalar fuqarolarga taqdim etildi.
Noqonuniy olib kirish yoki olib chiqishga urinish holatlarida musodara qilingan 1 616 ta ashyo badiiy ekspertizadan o‘tkazilib, 126 ta ekspert xulosasi tayyorlandi. O‘rganishlar davomida ashyolarning umumiy bahosi 219,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, xorijdagi madaniy boyliklarni ilmiy tadqiq etish doirasida:
- AQSH, Hindiston, Misr, Tojikistondagi ilmiy va madaniy muassasalarda saqlanayotgan 98 ta madaniy boylikning tavsifi tayyorlandi;
- Fransiya va Turkiya kutubxonalaridan 5 ta noyob qo‘lyozmaning elektron nusxasi olindi;
- Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida xorijda saqlanayotgan asarlarga oid ma’lumotlar tayyorlandi.
“Milliy merosga mening hissam!” aksiyasi doirasida 2025-yil uchun 3 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, aholidan umumiy qiymati 7 mlrd so‘mlik 132 ta madaniy boylik yig‘ildi. Ularni xarid qilish masalasi Badiiy ekspertlar kengashi majlisida ko‘rib chiqildi.
Tadbir doirasida jadidlar hayoti va ijodiga oid ashyolar, arxiv hujjatlarini xarid qilish ishlari ham olib borilmoqda. Shu bilan birga respublikadagi muzeylarda o‘tkazilayotgan kolleksiyalarni xatlovdan o‘tkazish jarayonlariga ham Badiiy ekspertiza boshqarmasi mutaxassislari jalb etilmoqda.
Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy mamlakatga uchib ketayotgan fuqaroning qo‘l sumkasi tekshirilganda, uning ichida qadimiy tangalar va quyma oltin bo‘laklari borligi aniqlangandi.
Shuningdek, Buxoroda tarixiy tangalar va ko‘krak nishonlarini yashirincha Rossiyaga olib ketayotgan shaxs ushlangandi.
Izoh (0)