O‘zA muxbiri Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori, falsafa fanlari doktori Roiq Bahodirov bilan suhbat uyushtirib, Noyob qo‘lyozmalar nusxalari O‘zbekistonga qaytarilayotgani haqida maqola e’lon qildi. Quyida maqola to‘lig‘icha berildi.
Hirot xattotlik maktabining yirik namoyandasi Ali Hijroniy tomonidan 1526-yilda ko‘chirilgan, Alisher Navoiy asarlarini o‘z ichiga qamrab olgan dunyodagi eng qadimiy qo‘lyozmalardan biri — “Kulliyot”ning nusxasi O‘zbekistonga olib kelindi. Bu Prezidentimizning bundan ikki yil avvalgi ezgu tashabbusi ro‘yobidan bir misol.
Ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ma’naviy meros jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘rin tutadi. Bugungi kunda ham keng targ‘ib qilinayotgan madaniy boyliklarimiz jahonning 40 dan ortiq mamlakatidagi turli ilmiy muassasa, muzey, arxiv, kutubxona va jamg‘armalarda saqlanadi.
Shunday katta boylikni yurtimizga olib kelib, o‘rganish masalasi ko‘ndalang turgan bir paytda Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindiki, bu ayniqsa, ilm ahlini nihoyatda mamnun etdi.
O‘zA muxbiri mazkur qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot olish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori, falsafa fanlari doktori Roiq Bahodirov bilan suhbatlashdi.
– Markaz O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklar haqidagi ma’lumotlarni aniqlash, to‘plashda yurtimiz va xorijdagi turli nashrlar, xususan, maqolalar, risolalar, kataloglar, madaniy boyliklar saqlanayotgan muassasalar veb-saytidan foydalanmoqda. Mazkur manbalardan chet elda saqlanayotgan mamlakat tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni aniqlash, ularning to‘liq ma’lumotlar bazasi — reyestrini yaratish, uni muntazam yangilab borishga alohida e’tibor qaratilmoqda, — deydi R.Bahodirov. — Hozirgi kunga qadar bu borada muayyan ilmiy tadqiqotlar olib borildi. O‘zbekistonga oid 3100 dan ortiq madaniy boylik — qo‘lyozma, miniatyura, bezak-taqinchoq, naqsh, surat, turli osori-atiqalar, cholg‘u asboblari, fotosuratlar aniqlandi va ularning ilmiy tavsifi tuzildi.
Madaniy boyliklarning deyarli yarmini qo‘lyozma manbalar tashkil etadi. Ushbu manbalar Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Abu Abdulloh Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Abu Iso Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulhamid Keshiy kabi buyuk mutafakkirlar qalamiga mansub. Shuningdek, Amir Temur haqida va temuriylar davriga oid asarlar, Kamoliddin Behzodning 50 dan ortiq miniatyurasining tavsifi ham o‘rin olgan.
– Markaz mazkur ma’lumotlarni qay tarzda umumlashtirmoqda va bu borada biron bir yangilik bormi?
– Biz ma’lumotlarni manbalarda bayon qilingan shaklda to‘plab kelayotgan edik. Ammo jamoa bilan ushbu reyestrdagi ma’lumotlardan istifoda qilish uchun yangi bir dastur ishlab chiqishga ehtiyoj borligini sezdik va uni amalga oshirish uchun “Uzculture” nomi ostida ishlab chiqishni rejalashtirish kerakligini lozim topdik.
– “Uzculture” qanday dastur va unda nimalar nazarda tutilgan?
– Yig‘ilgan ma’lumotlar tahlili ulardan foydalanadigan tadqiqotchilarga qulaylik yaratish uchun ishlab chiqiladigan “Uzculture” dasturi zamon talabiga javob beradi.
Yangi dastur yurtda axborot texnologiyalari sohasidagi talab va yutuqlar hamda jahon andozalariga mos holda yaratilishi muayyan intellektual bilim, vaqt, mablag‘ talab qiladi. Markaz uning tegishli asoslarini o‘zida mujassam etgan hamda ushbu mavzuni mukammal va mufassal ishlab chiqish borasidagi amaliy loyiha sifatidagi talabnomasini O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim qildi.
Ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan dasturni yaratishdan asosiy maqsad, Markaz reyestriga kiritilgan ma’lumotlardan foydalanishda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklar bilan tadqiqot olib boruvchi yoki qiziquvchilarga qulaylik tug‘dirishdir.
Aytaylik, tadqiqotchi biror-bir alloma faoliyati ustida ilmiy izlanish olib bormoqda va yurtdagi barcha ma’lumotlarni istifoda etgan. Ammo tadqiqot mukammal bo‘lishi uchun imkon qadar mazkur alloma haqidagi batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishi olib borayotgan izlanishlarini boyitadi, ilmiy jihatdan sifatini oshiradi. Shunda tadqiqotchi bizning dasturidan o‘rin olgan o‘sha allomaning ismi yoki biror asarining nomini reyestrga kiritib, izlanayotgan shaxsning xorijdagi barcha asarlari haqida mukammal ma’lumotga ega bo‘ladi. Unda allomaning to‘liq ismi, asarlarining nomi, har bir asar saqlanayotgan mamlakat, shahar, muassasa, bo‘lim, uning jildi, inventar raqami kabi ma’lumotlar jamlangan.
Agar tadqiqotchi biror osori-atiqa bilan tanishmoqchi bo‘lib, masalan, ko‘za so‘zini yozsa, u holda ko‘zaning turlari, ishlab chiqilgan materiali, saqlanayotgan mamlakati, shahri, muassasasi, inventar raqami kabi ma’lumotlar bilan to‘liq tanishadi.
– Markaz tomonidan shu kunga qadar mamlakatga qanday madaniy boyliklar yoki ularning nusxalari olib kelindi?
– Biz o‘z faoliyatda Markaz tomonidan tayyorlangan reyestrdan hamkor muassasa va tashkilotlarga yurtga birinchi navbatda olib kelinishi lozim bo‘lgan madaniy boyliklarni tanlashga oid taklif kiritishi borasida murojaat qildik. Murojaatga javoban, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa muassasalar tomonidan 251 madaniy boylik (194 qo‘lyozma, 11 miniatyura va 46 osori-atiqa) tavsiya etildi.
Markaz ushbu takliflarni o‘rganib chiqib, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi buyuk ajdodlarimiz asarlari qo‘lyozmalari borasidagi ma’lumotlarga alohida e’tibor qaratdi va ba’zilarini olib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, O‘mon Sultonligining Masqat shahridagi “Dor al-maxtutot va al-vasoiq” — Qo‘lyozmalar va hujjatlar uyida saqlanayotgan Imom Buxoriyning “Al-jomi’ as-sahih” qo‘lyozmasi va shu asarning Tatariston Fanlar akademiyasi G.Ibragimov nomidagi Til, adabiyot va san’at instituti Yozma va musiqiy meros markazi qo‘lyozmalar fondidagi qo‘lyozmasining rangli elektron nusxalari olinib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga hadya etildi.
Zikr etilganidek, Fransiya milliy kutubxonasidan 1526-yilda Hirot xattotlik maktabining yirik namoyandasi Ali Hijroniy tomonidan ko‘chirilgan, Alisher Navoiy asarlarini o‘z ichiga qamrab olgan dunyodagi eng qadimiy nusxalardan biri “Kulliyot” qo‘lyozmasining rangli elektron nusxasi olindi. Shuningdek, markazning ma’lumotlar bazasi — reyestriga Alisher Navoiyning mazkur kutubxonada saqlanayotgan “Majolis un-nafois”, “G‘aroyib us-sig‘ar” — ikki nusxasi, “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Terma devon” kabi qo‘lyozma asarlarining to‘liq shakldagi rangli elektron nusxalari kiritilgan.
Mamlakatimizga hozirgacha olib kelingan barcha qo‘lyozma asarlarning nusxalariga markaz mablag‘ sarflamagan holda erishdi. Ularning rangli elektron nusxalari mazkur yo‘nalish bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotgan mutasaddi tashkilotlarga foydalanish uchun bepul taqdim etildi.
– Xorijdagi O‘zbekistonga oid madaniy boyliklar saqlanayotgan mamlakatlar qirqqa yaqin dedingiz. Qaysi davlatlardagi muassasalar bilan ilmiy munosabatlar o‘rnatildi? Xalqaro hamkorlik o‘z samarasini berayaptimi?
– Markazning asosiy vazifalaridan biri faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha xorijiy davlatlardagi muzey va fondlar, arxivlar, ilmiy-madaniy muassasalar bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, turli anjumanlar, konferensiya va ko‘rgazmalar tashkil etishdir.
2018 yilda Markaz xodimlari Buyuk Britaniya, Rossiya Federatsiyasi va Hindiston Respublikasida xizmat safarlarida bo‘ldi. Buning natijasida Angliyada Oksford islom tadqiqotlari markazi, Oksford universiteti fan tarixi muzeyi, Britaniya muzeyi, Britaniya kutubxonasi, “al-Furqon” fondi, Rossiyada “Moskva Kremli” davlat tarix-madaniyat muzey-qo‘riqxonasi, Davlat Ermitaji, Rossiya milliy kutubxonasi, Hindistonning Dehli shahridagi “Jamiya milliya islomiya” markaziy universiteti, Hindiston Islom madaniyati markazi, Milliy muzeyi, Javoharlal Neru universiteti kabilar bilan o‘zaro ilmiy hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Ushbu 30 ga yaqin ilmiy va madaniy muassasa bilan ilmiy munosabatlar o‘rnatilishi natijasida Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi va Kembrij Markaziy Osiyo forumi, Rossiyaning “Rossiya etnografiya muzeyi” Federal davlat byudjet madaniyat muassasasi, Tatariston Fanlar akademiyasi G.Ibragimov nomidagi Til, adabiyot va san’at instituti kabi bir qator muassasalar bilan Anglashuv memorandumlari imzolandi. Mazkur hamkorlik o‘z samarasini bermoqda. Xususan, Oksford islom tadqiqotlari markazi Bodlean kutubxonasida saqlanayotgan Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ as-sahih” asarining nodir qo‘lyozmasini olishda yordam berishga tayyorligini bildirdi va uni amalga oshirmoqda.
O‘zaro ilmiy aloqalarning yana bir ijobiy mahsuli “al-Furqon” fondi rahbariyati o‘zi chop ettirgan 80 dan ortiq katalogni markazimizga hadya qildi. Kezi kelganda, mazkur kataloglar Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Burkina-Faso, Jazoir, Iroq, Mavritaniya, Mali, Nigeriya, Falastin kabi davlatlarda saqlanayotgan islom ilmlari va tarixiga oid qo‘lyozmalar tavsifi kiritilgani bilan katta ahamiyat kasb etishini qayd etish lozim. Bu bizga Yevropa va Afrika mamlakatlariga bormay turib, ulardagi qo‘lyozma asarlar bilan tanishish hamda O‘zbekistonga oidlarini aniqlash imkonini beradi.
– Markazning joriy yildagi rejalari qanday?
– Markaz o‘z ma’lumotlar bazasini to‘ldirib va yangilab borishi uchun 2019-yilda ham bir necha xorijiy mamlakatga xizmat safarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Safar asnosida xorijdagi madaniy boyliklarimiz saqlanayotgan muassasalar bilan ilmiy hamkorlik o‘rnatish, tadqiqotlar olib borish ko‘zda tutilgan. Bu rasmiy manbalarda bo‘lmagan ma’lumotlarni olishda qulay imkoniyat yaratadi. Bunga biz 2018-yildagi xizmat safarlarimiz davomida amin bo‘ldik, chunki bevosita ilmiy muloqot va hamkorlik natijasida hech bir manbada bo‘lmagan ko‘pgina ma’lumotlarni aniqlash hamda reyestrimizga kiritishga sazovor bo‘ldik.
Bundan tashqari, markaz qo‘lyozma asarlarni yurtimiz mutaxassislarini jalb qilgan holda ilmiy tadqiq etish va xalqaro miqyosda keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan. Shuningdek, nashr ishlarini amalga oshirishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Reyestrimizga kiritilgan ma’lumotlarning 45 foizidan ortig‘ini qo‘lyozma asarlar haqidagi ma’lumotlar tashkil etgani bois, ular bilan keng ilmiy jamoatchilikni tanishtirish maqsadida 700 dan ortiq qo‘lyozma haqidagi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan “O‘zbekiston allomalarining xorijiy fondlardagi qo‘lyozma asarlari” reyestrini nashr etishni rejalashtirmoqdamiz. Bu mamlakatimizda birinchi bor amalga oshirilayotgan ilmiy loyiha ekanini e’tiborga olish zarur. Ushbu reyestr o‘zbek, ingliz va rus tillarida nashrga tayyorlanadi.
Izoh (0)