Markaziy Osiyo xalqaro institutida 12-dekabr kuni “XIX asr o‘zbek va qozoq mutafakkirlari dunyoqarashida umumiy tarixiy-madaniy merosni mustahkamlash va rivojlantirish” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir MOXI va Qozog‘istonning R.B. Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Konferensiyada ikki mamlakat yetakchi tahlil va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan jami 80 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etdi. Xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi vakillari, JIDU, O‘zMU, TDYU, Y.Rajabiy nomidagi musiqa san’ati instituti vakillari ishtirok etdi.
Qozoq tomonidan Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov, R.B. Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti Respublika tarixiy materiallarni o‘rganish markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor, Qozog‘iston Milliy fanlar akademiyasining muxbir a’zosi Meruyert Abuseitova, M.O. Auyezov nomidagi Adabiyot va san’at instituti bosh direktori Kenjexan Matijanov, L.N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti “Abay Akademiyasi” ilmiy-tadqiqot instituti direktori, filologiya fanlari nomzodi Jandos Aubakir va qator yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari qatnashdi.
Anjumanda XIX asr o‘zbek-qozoq mutafakkirlarining ilmiy, falsafiy va adabiy merosini tadqiq etish, umumturkiy va jahon sivilizatsiyasi masalalari, ikki xalq ma’rifatparvarlarining madaniy sohadagi o‘zaro hamkorligining qirralari, ularning rivojiga qo‘shgan hissasi muhokama qilindi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlari ijtimoiy-siyosiy faollikning misli ko‘rilmagan yuksalishi, dunyoqarashi o‘zgarishi, milliy o‘zlikni anglashning yuksalishi bilan kechgan juda murakkab va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi.
Bugungi kunga kelib ikki birodar xalqning boy va mushtarak tarixiy-madaniy merosini o‘rganish hamda ommalashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Ushbu masala O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Zamonaviy dunyoda iqtisodiy yutuqlar bilan bir qatorda ma’naviy, tarixiy-madaniy meros ham millat raqobatbardoshligining asosiy ko‘rsatkichlaridan hisoblanadi.
Ma’naviy boylik va tarixiy-madaniy meros milliy o‘ziga xoslikning asosiy o‘zagini tashkil etadi. Bu davr ijtimoiy-falsafiy tafakkurining ko‘zga ko‘ringan namoyandalari Ahmad Donish, Abay (Ibrohim Kunanboyev), Cho‘qon Valixonov, Sattarxon Abdulg‘afforov, Muhammadjon Muqimiy, Zokirjon Furqat, Toshxo‘ja Asiriy va boshqalarning ko‘p qirrali tarbiyaviy va islohotchilik faoliyati yaratildi.
Shuningdek, mustamlakachilik tuzumi davrida O‘rta Osiyo dunyoqarashi va ijtimoiy-siyosiy hayotida, nihoyatda muhim o‘rin egallagan jadidchilik harakatining vujudga kelishi uchun qulay muhitni shakllantirdi. Shu nuqtayi nazardan, bugungi kunda XIX asrda Markaziy Osiyo xalqlarining tarixiy-madaniy merosini anglash va asrab-avaylash jarayoniga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek-qozoq mutafakkirlari faoliyatini tadqiq etish g‘oyatda ahamiyatlidir.
Hozirgi kunda mamlakatlarimiz yetakchilarining siyosiy irodasi, ilmiy jamoatchilikning sa’y-harakatlari tufayli, ushbu yo‘nalishda tadqiqotlarni amalga oshirish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud. MOXI direktori Anvar Nasirov o‘z nutqida ushbu tadbir butun O‘zbekistonda keng nishonlanadigan qozoq xalqining buyuk farzandi, shoiri, mutafakkiri “Abay Kunanboyev merosi kunlari” davrida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
“Shu kunlarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari ishtirokida qator ijodiy kechalar tashkil etilib, oliy o‘quv yurtlarida shoir ijodi haqida ma’ruzalar tinglanmoqda. O‘zbekiston Milliy akademik drama teatrida “Abay” spektaklini namoyish etish rejalashtirilgan. Toshkent, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida buyuk mutafakkirga bag‘ishlangan madaniy-ijodiy kechalar tashkil etildi.
Ushbu tadbirlar Abay Kunanboyevning ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishish orqali O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashdan iborat. A.Nasirov O‘zbekiston Qozog‘iston bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratib, ikki mamlakat o‘rtasidagi mushtarak tarix, din, til va o‘xshash madaniyat hamda urf-odatlar mavjudligi xususida fikr bildirdi”.
“So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli, o‘zbek-qozoq do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga chiqdi. O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ostona (Nur-Sulton) shahriga tashrifi chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarildi, bu o‘zaro yaqinroq hamkorlikni nazarda tutadi, munosabatlarning yangi yuksak ishonch xarakterini ta’kidlaydi.
Markaziy Osiyo umumiy tarixiy-madaniy makonida alohida o‘rin tutgan O‘zbekiston va Qozog‘iston ham bugungi kunda mintaqamizdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda”. Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi B.Atamqulov tadbir ishtirokchilariga murojaat qilib, o‘tkazilgan anjumanning ahamiyatini yuqori baholadi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan olib borilayotgan mintaqaviy siyosat bugungi kunda butun Markaziy Osiyo taraqqiyotining lokomotivi vazifasini o‘tamoqda. Ikki mamlakatning zamonaviy o‘zgarishlari madaniy meros va tarixiy mushtaraklikni namoyish etadi. “O‘zbek va qozoq xalqlarining ildizlari mushtarak. Prezidentlarimiz umumiy masalalarni yonma-yon hal qilishadi. Bizni yagona madaniyat, tarix, yer va suv birlashtiradi. Dehqonlarimiz bir daryoning suvidan foydalanadi”.
Bundan tashqari, elchi O‘zbekiston prezidentiga mamlakatimizning barcha hududlarida Abay haftaligi tashkil etilgani uchun alohida minnatdorlik bildirdi. “Abay ijodi nafaqat umumiy tariximiz, balki bugunimiz va kelajagimizdir. Abay butun turkiy xalqlarning merosi va Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarning mulkidir. Abay olijanoblik, baxt-saodat, insonparvarlik masalalarini ko‘targan bo‘lib, bugungi kunda ham dolzarbdir”.
R.B. Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti Respublika tarixiy materiallarni o‘rganish markazi direktori M.Abuseitova Qozog‘iston va O‘zbekiston tarixi jahon, insoniyat tarixi, shuningdek, yagona Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining ajralmas qismi ekanini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, o‘zbek-qozoq xalqlarining uch-to‘rt ming yillik mushtarak tarix bugungi kunda mintaqada kechayotgan integratsiya jarayonlarini yangilash uchun asos yaratmoqda.
M.Abuseitova ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga to‘xtalar ekan, Markaziy Osiyo olimlari va tadqiqotchilarining sa’y-harakatlarini birlashtirish uchun yangi konseptual yondashuvni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan ekspert mintaqaviy munosabatlarning nazariy asoslarini, ustuvor siyosiy va iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlarini, xalqaro va davlatlararo munosabatlar prognozlarini o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni shakllantirish konsepsiyasini birgalikda ishlab chiqishni taklif qildi.
L.N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti “Abay akademiyasi” ilmiy-tadqiqot instituti direktori J.Aubakir o‘z nutqida Abay asarlarining umuminsoniy qadriyatlar va insonparvarlik g‘oyalari bilan to‘yingan mazmuniga alohida e’tibor qaratdi. U Abay nafaqat qozoq xalqining, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining milliy iftixori ekanini ta’kidladi.
O‘z navbatida, M.O.Auyezova nomidagi Adabiyot va san’at instituti bosh direktorining o‘rinbosari, t.f.n. n. T.Qidir Abay Kunanboyevning sharqona uslubda yozilgan she’rlari, jumladan “Alifba”, “Yuzi Raushan”, “Fuzuliy, Shamsi, Sayxali” she’rlarining ahamiyati xususida to‘xtaldi. Shu bilan birga, ekspert bu she’rlar Abay o‘ziga ustozi deb bilgan buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy ta’sirida o‘rta asr turkiy adabiy tili (chag‘atoy) uslubida yozilganini alohida ta’kidladi.
Qozog‘istonlik mutaxassis B.Botirxon Navoiy va Abay butun insoniyat mulki ekanini ta’kidladi. Ularning she’riyati abadiy, hikmat, muhabbat va ijodga sadoqat she’riyatidir. Navoiy va Abay ikki qardosh xalqning buyuk merosi bo‘lib, bu nafaqat mushtarak turkiy, balki umuminsoniy qadriyatlarning shakllanishi namunasidir.
Ularning chuqur falsafiy risolalari, she’riy asarlari nafaqat ikki qardosh xalqning buyuk merosi bo‘libgina qolmay, Sharq sivilizatsiyasida ham ulkan ahamiyatga ega.
Tarix fanlari doktori, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori D.Alimova Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlarining tarixi, an’ana va urf-odatlari mushtarakligi bugungi kunda mintaqada kechayotgan integratsiya jarayonlarida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
“Markaziy Osiyo hududidagi davlatlarning qadimiy savdo-iqtisodiy munosabatlari, jahon imperiyalarining yagona tizimiga kirishi, mustaqillik uchun kurash, VIII asrdan boshlab Arab xalifaligida birga yashash, qadimiy madaniy qadriyatlarning tiklanishi, yagona islom dini va dunyoga eng buyuk nomlar va kashfiyotlar bergan boshqalar – bu tarixiy jarayonlarning barchasi o‘zbek-qozoq xalqlari jipslashuviga xizmat qildi”.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori. R.Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va asrab-avaylash masalalari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
XIX asr ma’rifatparvarlarining ma’naviy merosi o‘zbeklar, qozoqlar, tojiklar va Markaziy Osiyoning boshqa xalqlarining tarixiy ongi va milliy o‘zligini shakllantirishga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Ma’rifatparvarlar Gyote, Pushkin, Firdavsiy, Nizomiy, Navoiy, Sa’diy va boshqa adiblar ijodi bilan tanishish orqali o‘z xalqlarini jahon va milliy madaniyat qadriyatlari bilan tanishtirishga intilib, madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot va o‘zaro singdirishga hissa qo‘shdi.
Mazkur tadbirning o‘tkazilishi ikki davlat ilmiy hamjamiyati vakillari va ekspertlari o‘rtasida ochiq va konstruktiv fikr almashish, uni muntazam o‘tkazish uchun zamin yaratadi. Shuningdek, xalqaro konferensiya o‘zaro tajriba almashish va ikki tomonlama ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Izoh (0)