2022-yil 24-fevraldan buyon Ukrainaga qarshi urushda halok bo‘lgan 109 625 nafar rossiyalik harbiy xizmatchining shaxsi aniqlandi. Bu haqda mustaqil Mediazona nashri va BBC Rus xizmati tomonidan yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma loyihaning natijalariga asoslanib ma’lum qilindi.
Materialga ko‘ra, raqamlar keng ko‘lamli urush boshidan 2025-yil 23-maygacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Faqatgina may oyining boshidan beri ro‘yxatga 2 009 nafar askarning ism-familiyasi qo‘shilgan.
Loyiha tashabbuskorlarining ma’lum qilishicha, raqamlar faqat ochiq manbalarga asoslangan. Ya’ni ro‘yxatni tuzishda rasmiy nekrologlar, qarindoshlar tomonidan e’lon qilingan postlar, xotira daraxti ekish tadbirlari, hududiy matbuot va mahalliy hokimiyatlar bayonotlari hamda shunga o‘xshash manbalarga tayanilgan. Shu bois qurbonlarning haqiqiy soni bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin.
Murakkab, biroq ishonchli
Mediazona nashriga ko‘ra, qurbonlar ro‘yxati ko‘ngillilar tomonidan shakllantiriladi. Jarayonda har bir ism qo‘lda kiritilib, muayyan shaxs takroriy marta qo‘shilib qolmasligi uchun har bir holat alohida tekshiriladi. Shu bois hali qayta ishlanmagan ma’lumotlar ko‘p.
Hozircha shaxsi tasdiqlangan 109 625 nafar rossiyalikning 27 000 nafari ko‘ngillilar, 17 200 nafari qamoqdan yollangan mahbuslar, 12 000 dan ortig‘i safarbar etilganlar hamda 5 000 dan ziyodi ofitserlardir.
Izoh (0)