Rossiyaning Kursk viloyatidagi mehmonxona vayronalari ostidan 39 yoshli O‘zbekiston fuqarosining jasadi olib chiqildi. Bu haqda 13-may kuni Kursk gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Rilsk shahridagi mehmonxona Ukraina Qurolli kuchlari hujumida vayron bo‘lgan.
Mehmonxona vayronalari ostidan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 39 yoshli erkakning jasadi topildi. Yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiraman, degan Xinshteyn.
U hujum vaqtida jarohatlangan ikki erkakning ahvoli hamon og‘ir ekanini aytgan. Jarohatlanganlar Kursk viloyat kasalxonasida davolanmoqda.
Rossiya tomoniga ko‘ra, 11-may kuni kechqurun Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatining Rilsk shahriga raketa hujumi uyushtirdi. O‘shanda uch kishi jarohatlangani haqida xabar qilingandi. Hujum oqibatida mehmonxona, ikkita xususiy uy, garaj va beshta avtomobil jiddiy zarar ko‘rgan.
2024-yil 6-avgustda Ukraina armiyasi Kursk viloyatida harbiy operatsiyani boshladi. 12-avgustga kelib 28 ta aholi punkti Ukraina kuchlari nazoratiga o‘tgani haqida o‘sha paytda viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov xabar berdi. Yanvar oyida Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina tomoni mintaqaning 1268 kv/km hududini egallab olganini ma’lum qildi (Kursk viloyatining umumiy maydoni — 29,9 ming kv/km). Yanvar oyi o‘rtalariga kelib, Rossiya idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, 801 kv/km (63,2 foiz) qaytarib olishga erishilgan. Fevral oyida esa Kursk viloyatining 64 foizi nazoratga qaytarilgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kurskdagi operatsiyaning asosiy vazifasi Rossiyaning harbiy salohiyatini imkon qadar yo‘q qilish, qarshi hujumlarni kuchaytirish hamda Rossiya hududida bufer zona yaratishdan iboratdir. Aprel oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kursk viloyati to‘liq ozod etilganini e’lon qildi. Ukraina Qurolli kuchlari esa viloyatdagi janglar davom etayotganini ma’lum qildi.
Izoh (0)