AQSH Moliya vazirligi Suriyaga qarshi sanksiyalarni rasman bekor qildi. Qaror prezident Donald Trampning iyun oyida Damashqqa qarshi sanksiyalarni tugatish haqidagi farmoyishidan keyin qabul qilingan. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Endilikda AQSH kompaniyalariga Suriya bilan biznes qilishga ruxsat beriladi. Moliya vazirligi huzuridagi Tashqi aktivlarni nazorat qilish boshqarmasiga (OFAC) ko‘ra, o‘zgarish 26-avgust kuni kuchga kiradi. Bu 2004-yildan buyon amal qilib kelayotgan sanksiyalar bekor qilinishini anglatadi.
Mazkur qaror 2024-yil dekabr oyida Bashar Asad rejimi qulagach, hokimiyatga “Hay’at Tahrir ash-Shom” rahbari Ahmad ash-Shara’a kelgach, qabul qilindi. AQSH prezidenti 2025-yil iyun oyida Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni buyurgandi.
OFAC milliy favqulodda vaziyatning tugatilishi va AQSHning Suriyaga nisbatan siyosatidagi keyingi o‘zgarishlar natijasida Federal qonunlar to‘plamidan Suriyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha qoidalarni chiqarib tashlamoqda, deyiladi AQSH Moliya vazirligi bayonotida.
Shu bilan birga, AQSHning barcha sanksiyalari bekor qilinishi uchun Kongress 2019-yilgi “Sezar qonuni”ni bekor qilishi lozim. Siyosatchilar hozir yozgi ta’tilda, biroq kelasi oy Vashingtonga qaytgach, bu masala ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Hozircha esa Sezar sanksiyalari vaqtincha — 180 kunga to‘xtatib qo‘yilgan.
AQSH nima uchun Suriyaga sanksiya qo‘llagandi?
Dastlabki sanksiyalar 2004-yil may oyida chiqarilgan 13338-sonli prezident farmoni orqali joriy etilgan. Bunga sabab sifatida Suriyaning terrorizmni qo‘llab-quvvatlashi, Livanga bosqin, qurol dasturlari va Iroqdagi barqarorlikni izdan chiqarishga qaratilgan harakatlari keltirilgan.
2005-yil aprelida OFAC ushbu farmonni amalga oshirish uchun Suriya bo‘yicha sanksiya qoidalarini chiqargan. Keyinchalik turli prezident farmonlari orqali bu sanksiyalar yanada kengaytirilgan. 14312-sonli yangi farmon esa Suriya bo‘yicha sanksiyalarni bekor qiladi. Biroq terroristik tashkilotlar, inson huquqlarini buzgan shaxslar hamda kimyoviy qurol bilan bog‘liq shaxslarga qarshi choralarni saqlab qoladi.
Izoh (0)