O‘zbekistonda davlat mulki obyekti bo‘lgan futbol stadionlari va maydonlarining foydalanish maqsadlarini o‘zgartirish va sotuvga chiqarish taqiqlanadi. Bu haqda prezidentning 21-avgustda imzolangan qarorida belgilandi.

“O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, 2025-yil yakuniga qadar davlat mulkidagi futbol stadionlari va maydonlari xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijalari bo‘yicha futbol stadionlari va maydonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 2026-yil iyuligacha “Milliy futbol elektron platformasi” axborot tizimiga kiritiladi.
Egasi noma’lum stadion va maydonlarining yer uchastkalari va bino-inshootlari xatlovdan o‘tkazilib, ularga bo‘lgan huquqlar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ta’Nminlanadi.
Kadastr agentligining axborot tizimlariga davlat mulkidagi futbol stadion va maydonlarining foydalanish maqsadlari o‘zgartirilishi hamda sotuvga chiqarilishi taqiqlanishi bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar doimiy ravishda amalga oshiriladi.
Yuqoridagi vazifalar uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Kadastr agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mas’ul etib belgilandi.
2025-yil 1-oktyabrdan boshlab mahallalarda futbol maydonlarini barpo etish bo‘yicha “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi joriy etiladi. Dastur doirasida mahallalardagi bo‘sh turgan davlat yer uchastkalari ularning bir qismida futbol maydoni barpo etish va kamida 10 yil davomida uning foydalanish maqsadini o‘zgartirmaslik sharti bilan auksion savdolariga chiqariladi.
Elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga xarid qilingan bo‘sh turgan yer uchastkalarining qolgan qismidan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish va tasarruf etish huquqi beriladi.
2024-yilning yanvarida “Paxtakor futbol klubi”ning 100 foiz davlat ulushi, shu jumladan unga tegishli futbol maydoni sotuvga qo‘yilgandi. Jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikrlardan so‘ng ommaviy savdo jarayonlari vaqtinchalik to‘xtatilgandi.
Izoh (0)