Ukraina o‘t ochishni to‘xtatgandan keyingina Rossiya bilan “har qanday formatda” muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyor. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

Siyosatchi muzokaralarda “hech qanday boshi berk ko‘cha” bo‘lmasligi muhimligini aytdi. Ukraina prezidenti Qrimning Rossiya tomonidan noqonuniy anneksiyasini ham tan olmasligini ta’kidladi.
Bu bizning hududimiz, Ukraina xalqi hududi. Bu mavzuda gaplashadigan gapimiz yo‘q — bu Konstitutsiyamizga zid, dedi u.
Zelenskiy, shuningdek, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga faqat alyans tarkibidagi davlatlar veto qo‘yishi mumkinligini qayd etdi. U AQSHning tinchlik muzokaralari jarayonidan chiqishi ehtimoliga quyidagicha munosabat bildirdi.
Biz Amerikaning bu yordamdan voz kechishini istamasdik, chunki bu nafaqat yordam, balki razvedka ma’lumotlari, ballistik hujumlar va hayot haqida ham. Umuman olganda, menimcha, bu Ukraina uchun strategik hamkordan ayrilish bo‘ladi...Agar Amerika muzokaralardan chiqib ketsa, bu unchalik yaxshi signal bo‘lmaydi. AQSH prezidenti Tramp Ukraina bilan hamkorlikni davom ettirishiga va Rossiyaga bosim o‘tkazishiga umid qilamiz, dedi siyosatchi.
Tramp 20-aprel kuni Rossiya va Ukraina “shu hafta ichida” kelishuvga erishishiga umid qilayotganini aytgandi. AQSH prezidenti uch kun ichida Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini ommaga e’lon qiladi. Insayderlarga ko‘ra, Ukraina Rossiyaga hududining 20 foizini “de-fakto” berishi mumkin.
Reja loyihasida o‘t ochishni to‘xtatishni nazorat qilish uchun xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish ko‘zda tutilgan. Monitoring neytral davlat vakillaridan iborat qo‘shma komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Dastlab Ukraina prezidenti Kremlga “fuqarolik infratuzilmasiga uzoq masofali dronlar va raketalar orqali har qanday hujumlardan 30 kun muddatga, keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan, voz kechishni” taklif qilgan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa taklifni o‘rganishini aytgan. U buning uchun Kiyev bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borish kerakligini istisno qilmagan.
Izoh (0)