AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya tovarlariga qarshi bojlar kiritmaslikka qaror qildi, chunki hozirda mamlakat bilan Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Bu haqda Oq uy Milliy iqtisodiy kengashi direktori Kevin Gassett ma’lum qildi.

Rossiya va Ukraina bilan muzokaralar davom etayotgani aniq va o‘ylaymanki, prezident bu ikki masalani aralashtirmaslikka qaror qilgan, dedi u ABC News’ga bergan intervyusida.
Gassett bu kelajakda Rossiyaga “boshqa har qanday davlatga qaraganda butunlay boshqacha munosabatda bo‘lishi”ni anglatmasligini ta’kidladi.
Siz muzokaralar jarayonida, ko‘plab amerikaliklar, ukrainaliklar va rossiyaliklar hayotiga ta’sir qiladigan yangi masalalarni to‘satdan ko‘tarishni maslahat berarmidingiz? Albatta, bunday qilmasdingiz...Muzokaralar davomida yangi masalalarni ko‘tarish to‘g‘ri emas. Bu adolatdan emas. Rossiya hozirda minglab odamlarning hayotiga ta’sir ko‘rsatadigan tinchlik muzokaralarining qizg‘in pallasida. Prezident Tramp aynan shu masalaga e’tibor qaratmoqda, dedi u.
Shunga qaramay, AQSH urush yakunlari bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etayotgan Ukrainaga qarshi 10 foizlik boj joriy etdi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt avvalroq Amerika sanksiyalari allaqachon Rossiya bilan har qanday “muhim savdoni” istisno qilayotgani sababli Rossiya tovarlariga boj solinmaganini aytgandi. AQSH moliya vaziri Skott Bessent Rossiya bilan savdo sanksiyalar tufayli amalga oshirilmayotgani, shuning uchun u bojlar joriy etiladigan mamlakatlar ro‘yxatida yo‘qligini ta’kidlagan.
2024-yilda Rossiya va AQSH o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 1992-yildan beri eng past ko‘rsatkichdir. 2021-yilda, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan oldin ham, bu ko‘rsatkich 35 milliard dollarni tashkil etgan.
Trampning dunyo tovarlariga nisbatan bojlari 2-aprel kuni e’lon qilindi. O‘zbekiston mahsulotlariga ham 10 foizlik boj solinmoqda. Ba’zi mamlakatlarga nisbatan bojlar miqdori esa 50 foizga yetgan.
Bu AQSHning harakatlari jahon iqtisodiyoti sekinlashishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni keltirib chiqardi. Natijada investorlar xavfsiz hisoblangan aktivlarga, jumladan, oltinga yo‘nalishdi. Bu esa qimmatbaho metall narxining ko‘tarilishiga olib keldi. 3-aprel kuni tarixda ilk bor oltin narxi bir unsiya uchun 3200 dollardan oshdi. Xitoy bojlarga javoban Amerika tovarlariga 34 foizlik tariflar belgiladi.
Izoh (0)