Turkiyada ayolni ruxsatsiz suratga olgan o‘zbekistonlik deportatsiya qilinadigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 13-aprel kuni O‘zbekiston fuqarosi Istanbul metropolitenida ruxsatsiz tarzda turk fuqarosi bo‘lgan ayolni suratga olgan. Ayol bu haqda huquq-tartibot organlariga shikoyat qilganidan keyin fuqaro qo‘lga olingan va holat yuzasidan tergov harakatlari boshlangan.
Oqibatda
- fuqaroning Turkiyada ishlash huquqini beruvchi ruxsatnomasi (Çalışma izni) bekor qilindi;
- unga nisbatan maʼmuriy jazo va majburiy deportatsiya choralari ko‘rilmoqda;
- ushbu harakat shaxsiy hayot daxlsizligini buzish sifatida baholangan.
Bosh konsulxona aralashuvi natijasida mazkur fuqaroga nisbatan jinoiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lmagan chora ko‘rilishiga erishilgan.
Bosh konsulxona Turkiya qonunlariga ko‘ra, boshqa shaxsni, ayniqsa, ayollarni ularning roziligisiz suratga olish yoki videoga tushirish qatʼiyan man etilishini bildirib, bu jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
“Hurmatli yurtdoshlar, Turkiyada bo‘lishingiz davomida mahalliy qonun-qoidalarga qatʼiy rioya qiling. Begona shaxslarni ularning ruxsatisiz suratga va videoga olish yoki ularga noqulaylik tug‘diruvchi harakatlar sizga nisbatan jiddiy choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona huquqiy muammolarga yo‘liqmaslik uchun harakatlarda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.
Bosh konsulxona ogohlantirishlari
Mart oyining boshlarida Bosh konsulxona Turkiyadan qaytayotgan o‘zbekistonliklardan begonalarning yuklarini olib o‘tmaslikni so‘ragandi. O‘tgan yillarda bir necha O‘zbekiston fuqarolari aynan shunday vaziyatlarga tushib qolgan va noqonuniy yuklarni, jumladan, narkotik moddalar va soxta hujjatlarni bilmasdan olib o‘tganlari uchun hibsga olingan.
Fevral oyida Turkiyadagi o‘zbekistonliklarni noqonuniy migratsiyaga ko‘maklashish uchun katta pul mukofoti va’da qilayotgan jinoiy guruhlardan ogohlikka chaqirgandi. Turkiyada o‘zbekistonliklar viza bilan bog‘liq firibgarlikka uchrayotganini ham ma’lum qilgandi.
Izoh (0)