O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi mamlakat fuqarolarini Anqaradagi teraktdan so‘ng Turkiyada joriy qilingan ehtiyot va xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirdi.
23-oktyabr kuni Anqara shahrida sodir etilgan terrorchilik hujumi va xavfsizlik nuqtai nazaridan Turkiyaning barcha hududlarida jamoat xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari kuchaytirildi.
“Shu munosabat bilan vatandoshlarimizdan jamoat joylarida hushyorlikni oshirishlari va ehtiyot choralarini ko‘rishlari, ayniqsa aeroport, temiryo‘l vokzali, avtoshohbekat, kemalar stansiyalarida, metro va boshqa jamoat transportida xavfsizlik qoidalariga amal qilishlari so‘raladi”, deyiladi Bosh konsulxona murojaatida.
Turkiyadan chiqib ketish arafasida bo‘lgan fuqarolardan aeroportlarga uchish uchun qayddan o‘tish (registratsiya) vaqtidan kamida 1 soat oldin yetib borishlarini, shubhali buyumlar va shaxslar to‘g‘risida yaqin oradagi politsiya yoki xavfsizlikni ta’minlash (Özel güvenlik) bo‘linmalari xodimlariga xabar berishni tavsiya etdi.
Anqaradagi terakt
23-oktyabr kuni Anqaradagi TUSAS aerokosmik korporatsiya obyektiga ayol va erkak qurolli hujum uyushtirdi. Hujumni amalga oshirganlar zararsizlantirildi. Qurbonlar soni 5 kishiga yetdi, yaradorlar esa 22 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan uch nafari shifoxonadan chiqarilgan. Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya mamlakatda taqiqlangan Kurdiston Ishchi partiyasini hujumda gumon qilmoqda.
24-oktyabr kuni Turkiya harbiy-havo kuchlari Iroq va Suriya shimolidagi Kurdiston ishchi partiyasi obyektlariga zarbalar berdi. Aviazarbalar natijasida jami kurdlarga tegishli 47 ta nishon muvaffaqiyatli yo‘q qilingan.
“Turkiyaga cho‘zilgan iflos qo‘llar sindiriladi. Xavfsizligimizga tahdid solayotgan birorta ham tuzilma, terror tashkiloti yoki yovuzlik o‘chog‘i o‘z maqsadiga erisha olmaydi”, deya teraktga munosabat bildirdi Turkiya prezidenti.
Izoh (0)