Farg‘onada Milliy gvardiya formasini kiygan shaxs fuqaroga qo‘pol muomala qilgani aks etgan videolar tarqaldi. Viloyat bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Keltirilishicha, Yangi Farg‘ona ko‘chasida yashovchi fuqaro Q.Z. Marg‘ilon shahridagi avtoturargohda Milliy gvardiya (Qo‘riqlash bo‘limi) organiga tegishli bo‘lgan kiyim-boshda, yo‘lovchilar bilan turli xil mavzularda gaplashib, Milliy gvardiya organi sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etgan.
Holat yuzasidan fuqaroning xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun boshqarma mansabdor shaxslari tomonidan o‘rganilgan. Marg‘ilon shahar tibbiyot birlashmasi ruhiy-asab kasalliklar bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotnomada u 1992-yildan buyon nazoratda turuvchi, umrbod 2-guruh nogironi ekani aniqlangan hamda unda bo‘lgan kiyim-boshlar olib qo‘yilgan.
Kelgusida fuqarolar tomonidan bu kabi soxta forma kiyishning oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari olib boriladi.
Farg‘onada bu kabi holat birinchisi emas
2024-yil Marg‘ilon shahridagi bankda soxta Milliy gvardiya xodimi qo‘lga tushgan edi. Olib borilgan dastlabki surishtiruv ishlari davomida, o‘zini qo‘riqlash xizmati xodimiman, deb yurgan ushbu shaxs aslida Marg‘ilon shahar “Yangi hayot” mahallasida yashovchi 20 yoshli fuqaro SH.X. ekani aniqlangan. Ushbu fuqaro Marg‘ilon shahar IIB masʼul xodimlariga topshirilib, harbiy kiyim-kechaklari va boshqa anjomlari olib qo‘yilgan.
Izoh (0)