Germaniya 2027-yildayoq Rossiya bilan urush ehtimoliga tayyor bo‘lishi kerak. Bu haqda Britaniyaning Mudofaa Tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Ed Arnold ma’lum qildi.

U Germaniya qurolli kuchlarini (bundesver) qayta qurollantirish rejasini cho‘zib bo‘lmasligini aytdi. Arnoldning fikricha, NATO davlatlari ikki yil ichida Rossiya bilan harbiy to‘qnashuvga tortilishi mumkin. Bu ehtimol Suvalki koridorida sodir bo‘ladi. Ammo boshqa joylarda ham keskinlik boshlanishi ehtimoldan holi emas.

Ekspert Germaniya birinchi navbatda og‘ir harbiy texnika arsenalini to‘ldirishi kerakligini ta’kidladi. Jumladan, Leopard 2 A8 tanklari, uzoq masofali TAURUS qanotli raketalari, Boxer zirhli mashinalari, IRIS-T zenit raketalari va Gepard qurilmalari shular jumlasidandir. Germaniya bundesverni ham, Yevropadagi ittifoqchilarni ham ta’minlash uchun ularni ishlab chiqarishni “sezilarli darajada oshirishi” mumkin.
Shu bilan birga ekspert Berlinni AQShdagi siyosiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda Amerikaning F-35 qiruvchi samolyotlari va Patriot havo mudofaa tizimlarini sotib olish bo‘yicha qarorlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.
U eng ilg‘or texnikaga ega bo‘lish har doim ham muhim emasligini, buni Ukrainadagi urush isbotlaganini qayd etdi.
Ukraina har doim ham eng yaxshisiga ega bo‘lish shart emasligini ko‘rsatmoqda. Shunchaki raqibdan biroz yaxshiroq bo‘lish kerak, dedi Arnold.
Misol tariqasida u dronlarni keltirib o‘tdi.
Urush olib borish usullarining o‘zgarishi dronlar eng quyi darajada ishlatilishini anglatadi, dedi u va dronlar “jang maydonida hamma joyda hozir-u nozir” bo‘lib qolganini ta’kidladi.
Rossiyaning boshqa davlatlarga ehtimoliy hujumi: mavzuga oid yangiliklar
NATO doiralaridagi manbalarga ko‘ra, Rossiya Finlyandiya va NATOning sharqiy qanotidagi boshqa davlatlarga hujum qilish rejasini ishlab chiqqan. Gap Rossiya armiyasining bir nechta bo‘linmalarining bir vaqtning o‘zida hujumi haqida ketmoqda. Unga o‘n minglab askar jalb qilinishi ehtimoli borligi aytilgan.
Financial Times nashriga ko‘ra, Rossiya Yaponiya va Janubiy Koreya bilan ehtimoliy urush uchun nishonlarning batafsil ro‘yxatini tuzgan. Ro‘yxatga 160 ta harbiy va fuqarolik infratuzilmasi obyektlari — atom elektr stansiyalari, ko‘priklar, zavodlar va qo‘mondonlik punktlari kiritilgan. 2008—2014-yillardagi maxfiy hujjatlar X-101 raketalari bilan zarbalar berishni va Yaponiya hamda Janubiy Koreyaning havo mudofaasini tekshirishni tasvirlaydi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Rossiya 2028-yildayoq Yevropa Ittifoqiga hujum qilishi mumkinligini aytib, Yevropani mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirgan. NATO bilan urush 4-6 yildan keyin bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Izoh (0)